AsosiyJamiyat

Urganch xalqaro aeroportidan yo`lovchilarning Sankt-Peterburg shahriga nega uchib keta olishmadi?

'Urganch xalqaro aeroportidan yo`lovchilarning Sankt-Peterburg shahriga nega uchib keta olishmadi?'ning rasmi

Bugun You tube dagi Urganch xalqaro aeroportidan yo`lovchilarning Sankt-Peterburg shahriga uchib keta olmaganligi to`g`risida ma`lumotlar tarqatildi. Mazkur holat yuzasidan  Transport vazirligi quyidagilarni ma`lum qildi.

Joriy yilning 25 fevral kuni soat 21:00 da “IrAero” aviakompaniyasining rejalashtirilgan parvoz raqami IAE7266 Urganch –  Sankt-Peterburg yo`nalishi bo`yicha parvoz amalga oshirilmagan.

Parvoz amalga oshirilmaganligiga sabab esa mazkur aviakompaniya ushbu charter qatnovini amalga oshirishga ruxsatnoma olish uchun O`zbekiston Respublikasi qonunchiligida belgilangan tartibda “O`zaviasiya” agentligiga o`z vaqtida so`rovnoma taqdim qilmagan.

Ya`ni, O`zbekiston Respublikasi fuqaro aviasiyasi aerodromlariga bir martalik parvozni amalga oshirish uchun so`rovnomalar xorijiy davlatlar fuqaro aviasiyasi havo kemalarining ekspluatantlari tomonidan “O`zaviasiya” agentligiga bir martalik parvozni amalga oshirishdan kamida uch kun oldin taqdim etilishi lozim.

Yo`lovchilarning huquqlari va tashuvchining majburiyatlariga rioya etishni ta`minlash maqsadida "O`zaviasiya" agentligi tomonidan 2020 yilning oktyabr oyida aviakompaniyalarga O`zbekiston aeroportlariga charter reyslarini amalga oshirish uchun vakolatli organ “O`zaviasiya” agentligidan tegishli ruxsatnoma olmasdan turib aviachiptalarni sotish amaliyotini tugatish to`g`risida ogohlantirish xati yuborilgan.

Biroq shunga qaramasdan, “IrAero” aviakompaniyasi Urganch – Sankt-Peterburg yo`nalishida charter parvoz uchun aviachiptalar sotuvini tashkil etgan. Natijada aviachiptada ko`rsatilgan vaqtda yo`lovchilar aerovokzalga kelishgan. Ammo vakolatli organning tegishli ruxsatnomasi bo`lmaganligi sababli parvoz bajarilmagan.

Ushbu reysda parvoz qilishi lozim bo`lgan barcha yo`lovchilarning chipta pullari hamda PZR test tahlili natijalari uchun sarflagan xarajatlari mazkur charter qatnovi tashkilotchilari tomonidan to`liq qoplab berilgan.

"Yo`lovchilar va aviakassalar mutasaddilaridan aviachiptalarni sotib olish yoki sotishdan oldin "O`zaviasiya"  agentligi veb-saytining bosh sahifasidagi "Axborot jadvali" bo`limida rejalashtirilgan charter parvozlarining  holati bilan tanishib chiqishni tavsiya etamiz" deyiladi xabarda.

    Boshqa yangiliklar