AsosiyDunyo

O`zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi evakuasiya ishlari haqida qo`shimcha ma`lumot berdi

'O`zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi evakuasiya ishlari haqida qo`shimcha ma`lumot berdi'ning rasmi

O`zbekistonning Ukrainadagi elchixonasi mamlakatdagi o`zbekistonlik fuqarolarni evakuasiya qilish ishlari haqida qo`shimcha ma`lumot berdi.

Xabarda aytilishicha, hozirda fuqarolar Ukraina–Polsha chegarasini kesib o`tishni boshlagan. Ukraina va Polsha chegarachilari, birinchi navbatda, ayollar va bolalarni o`tkazmoqda. Chegarani kesib o`tish uzoq vaqt oladi. Birinchi guruh uchun bu jarayon 14 soat davom etgan. Lvovga ko`p sonli qo`shimcha evakuasiya poezdlari etib kelgani hisobiga chegarani kesib o`tish vaqti cho`zilishi mumkin.

“Chegarada odamlarning ko`pligi tufayli avval e`lon qilingan `yashil yo`lak` ishlamayapti, chegaradan o`tish fuqaroligidan qat`i nazar, navbat asosida amalga oshirilmoqda. Chegarani kesib o`tish piyoda amalga oshirilmoqda, shu munosabat bilan fuqarolarimizdan chegarada sovuq havo bo`layotganini hisobga olishlarini so`raymiz. Hujjatlari bo`lmagan (u yoki bu sabablarga ko`ra) fuqarolarimiz uchun shaxsni tasdiqlovchi hujjatning hech bo`lmaganda qog`oz ko`rinishidagi nusxasi yoki mobil telefonida skaner qilingan nusxasi bo`lishini so`raymiz”, — deyiladi elchixona murojaatida.

Chegara oldidagi tirbandlik holatlari vaziyatdan kelib chiqqan holda elchixona ayollar va bolalarni imkoni boricha chegaraga yaqinroq joyga etkazishni ta`minlaydi. Mustaqil ravishda chegaraga etib borish imkoniyatiga ega bo`lgan fuqarolarga to`g`ridan to`g`ri chegaraga borish tavsiya etiladi.

“Lvovga etib kelgan hurmatli vatandoshlar, sizdan xotirjam bo`lishingizni so`raymiz. Afsuski, diasporamiz vakili M.Soliev bir vaqtning o`zida yuzlab odamlarning muammolarini jismonan hal qila olmaydi. Shu munosabat bilan, imkon qadar bir-biringizga yordam berishingizni, yurtdoshlarimizga kelishni muvofiqlashtirishda yordam beradigan ko`ngillilar guruhlarini shakllantirishingizni iltimos qilib murojaat qilinmoqda. Xalqimizning milliy an`analariga asoslanib, yurtdoshlarimizdan, eng avvalo, ayollar, bolalar, talaba-yoshlar va keksalarga yordam berishlarini so`raymiz”, — deyiladi xabarda.

Polsha tomonida O`zbekistonning Polshadagi elchixonasi vakili joylashgan bo`lib, fuqarolarni vatanga jo`natish ishlarini muvofiqlashtiradi. Vakil hujjatlar rasmiylashtirish bilan aeroportda shug`ullanadi.

    Boshqa yangiliklar