Namanganda MFY raisi tadbirkorni aldab 118 million so`mni qo`lga kiritgani aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, Departamentning Chust tuman bo`limi tomonidan tadbirkorlik sub`ektlarining huquqlarini himoya qilish yuzasidan o`tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda, tumandagi “Yu.” MFY raisi B.S. “G.B.” MChJ rahbari G`.ning “Sog`lomlashtirish va sport markazi” qurish niyatida yurganini bilib, unga qurilish ishlari uchun 475 mln so`m subsidiya mablag`ini olib berishini aytib, go`yoki “G.B.” MChJni subsidiya oluvchi tadbirkorlik sub`ektlari ro`yxatiga kiritilganligi haqida soxta ma`lumot kiritilgan hujjatni taqdim etish orqali ishonchiga kirib, tadbirkor G`.ning 118 mln so`mini firibgarlik yo`li bilan qo`lga kiritganligi aniqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 228-moddasi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, tergov harakatlari o`tkazilmoqda.






