Bugun mamlakatimiz poytaxtidan parvoz qilgan «Uzbekistan Airways» AJ maxsus samolyoti Toshkent vaqti bilan soat 12.45 da Katovise aeroportiga qo`nadi, xabar bermoqda «Dunyo» AA.
O`zbekistonning Kievdagi elchixonasidan olingan ma`lumotga ko`ra, Ukrainaning «Krakoves» nazorat o`tkazish punkti orqali fuqarolarimiz o`tkazilishini tezlashtirish maqsadida 7 ta avtobus ijaraga olingan. Ular ko`magida shu paytgacha Ukraina-Polsha chegarasiga 11 marta qatnov amalga oshirilgan.
Ayni paytga qadar 560 nafardan ko`proq mamlakatimiz fuqarosi Polsha davlat chegarasini kesib o`tdi.
Polshaning chegara hududida O`zbekistonning Varshavadagi elchixonasi xodimlari tomonidan tashkiliy masalalar hal qilinmoqda. Chegarada yurtdoshlarimiz oziq-ovqat bilan ta`minlanmoqda, keksalar va yosh bolali ayollarning dam olishi uchun sharoit yaratilgan.
Bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda.






