AsosiyJamiyat

"Bahor keldi seni so`roqlab..." Bugun o`zbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiya tavallud topgan kun

'"Bahor keldi seni so`roqlab..." Bugun o`zbek xalqining sevimli shoirasi Zulfiya tavallud topgan kun'ning rasmi

1 mart -  o`zbek xalqining sevimli shoirasi, taniqli jamoat arbobi, O`zbekiston xalq shoiri Zulfiya Isroilova tavallud topgan kun.

Zulfiya Isroilova — taniqli va iqtidorli o`zbek shoirasi. Yorqin rassom, oddiy inson qalbini o`tkir his qilgan – mehnatkash, Sharq ayolining jamiyatdagi teng huquqi uchun mardonavar kurashgan ayol. Zulfiya she`riyatining nufuzi — bizning dabdabali murakkab davrimizning haqqoniy ifodasi, o`ziga xosligi, zamondoshlarimizning qalbi va harakatlarining yorqin tasviridadir.

Zulfiya 1915 yilda hunarmand-degrezchi oilasida Toshkentda tug`ilgan. Shunga qaramay, ota-onasi yuqori madaniyatli odamlar bo`lishgan.

“Onam ohista va xotiramda saqlanishicha, ma`yus bo`lganlar. Lekin ularda qullik horg`inligi bo`lmagan... Ular qanchadan-qancha qo`shiq va afsonalar bilganlar, ularni mohirona aytib, kuylab bera olganlar, biz-farzandlarini sehrli ertaklar bilan qiziqtira olganlar, - eslaydi Zulfiya, onasini xotirlar ekan. – Mo``jizalarga sabab bo`luvchi, dunyoni fosh qiluvchi, insoniyatni ajoyibotlar sari etaklovchi “so`z”ga bo`lgan mehrni oddiygina ayol - onam uyg`otganlar...” - deya xotirlagan onasini shoira.

Zulfiya ijodida o`zbek ayolining taqdiri muhim o`rin egallaydi, uning mamlakat hayotidagi faol o`rni muhim ahamiyat kasb etadi. Zulfiya uzoq o`tmishda ayol o`rni uy-ro`zg`or yumushlari doirasida bo`lganligini, uyda ham bek, ham hukmdor bo`lgan eriga itoatli cho`ri bo`lib, bosh egishi lozim bo`lganligini yashirmaydi.

Iqtidorli shoira va yozuvchi, inson qalb tug`yonlarini o`tkir bilimdoni bo`lib,  turli janrlarda asarlar yaratgan: dostonlar, balladalar, elegiyalar, nasriy she`rlar, hikoyalar, ocherklar, publissistik maqolalar va gazeta xabarlari. Uning ko`p she`rlari SSSR xalqlari tinchligi va do`stligi sari kurashga bag`ishlangan edi. Urush yillari u vatanparvarlik she`rlarini yozgan. U tomonidan, shuningdek, o`zbek bastakorlarining operalariga librettolar ham yozilgan, masalan, “Zaynab va Omon” operasiga libretto. Shu bilan birga, turmush o`rtog`i Hamid Olimjon qalamiga mansub “Semurg`” dostoni mavzusi asosida, ertak-sahna asarini ham yozgan.

Shoiraning eng mashhur she`rlari: “Xulkar” (1947), “Men tongni kuylayman” (1950), “Yuragimga yaqin kishilar” (1958), “Yurak yo`lda” (1966), “Mening bahorim” (1967), “Sharshara” (1969) kabilardir.

Hamid Olimjondan keyin beva qolgan Zulfiya unga atab ko`plab she`rlar yozdi. Uning bu xijronni madh etgan misralar hozirda bahor va muhabbat madhiyalariga aylanib ulgurgan. Shoira 1996 yilda vafot etgan. Quyida Zulfiyaning eng mashhur she`rlaridan birini taqdim etamiz.


Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, erlarda bahor.
Qushlarning parvozi, ellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor…

Qancha sevar eding, bag`rim, bahorni,
O`rik gullarining eding maftuni.
Har uyg`ongan kurtak hayot bergan kabi
Ko`zlaringga surtib o`parding uni.

Mana qimmatligim, yana bahor kelib,
Seni izlab yurdi, kezdi sarsari.
Qishning yoqasidan tutib so`radi seni,
Ul ham yosh to`kdi-yu, chekildi nari.

Seni izlar ekan, bo`lib shabboda,
Sen yurgan bog`larni qidirib chiqdi.
Yoyib ko`rsatay deb husn-ko`rkini,
Yashil qirg`oqlarni qidirib chiqdi.

Topmay, sabri tugab bo`ron bo`ldi-yu,
Jarliklarga olib ketdi boshini.
Farhod tog`laridan daraging izlab,
Soylarga qulatdi tog`ning toshini.

Qirlarga ilk chiqqan qo`ychivonlardan
Qayda shoir, deya ayladi so`roq.
Birida sukunat, ma`yuslik ko`rib,
Horib-charchab keldi, toqatlari toq…

So`ngra jilo bo`lib kirdi yotog`imga,
Hurkar va Omonning o`pdi yuzidan.
Singib yosh kuydirgan za`far yonog`imga
Sekin xabar berdi menga o`zidan.

Lekin yotog`imda seni topolmay,
Bir nuqtada qoldi uzoq tikilib.
Yana el bo`ldi-yu, kezib sarsari,
Mendan so`ray ketdi qalbimni tilib.

“Qani men kelganda kulib qarshilab,
Qo`shig`i mavjlanib bir daryo oqqan?
“Baxtim bormi deya, yakkash so`roqlab”
Meni she`rga o`rab suqlanib boqqan?

O`rik gullariga to`nmaydi nega,
Elda hilpiratib jingala sochin?
Nega men keltirgan sho`x nashidaga
Peshvoz chiqmaydi u yozib qulochin?

Qanday ishqqa to`lib boqardi tongga,
Kamol toptirardi keng xayolimni.
Uning rangdor, jozib qo`shig`ida
Mudom ko`rar edim o`z jamolimni.

Qani o`sha kuychi, xayolchan yigit?
Nechun ko`zingda yosh, turib qolding lol.
Nechun qora libos, sochlaringda oq,
Nechun bu ko`klamda sen parishonhol?”

Qanday javob aytay, loldir tillarim,
Baridan tutdim-u, keldim qoshingga.
U ham g`aming bilan kezdi aftoda,
Boqib turolmayin qabring toshiga.

Alamda tutoqib daraxtga ko`chdi,
Kurtakni uyg`otib so`yladi g`amnok.
Sening yoding bilan elib beqaror,
Gullar g`unchasini etdi chok-chok.

Gulu rayhonlarning taraldi atri,
Samoni qopladi mayin bir qo`shiq.
Bu qo`shiq naqadar oshno, yaqin,
Naqadar hayotbaxsh, otashga to`liq.

Bahorga burkangan sen sevgan elda,
Ovozing yangradi jo`shqin, zabardast.
O`lmagan ekansan, jonim, sen hayot,
Men ham hali sensiz olmadim nafas.

Hijroning qalbimda, sozing qo`limda,
Hayotni kuylayman, chekinar alam,
Tunlar tushimdasan, kunduz yodimda,
Men hayot ekanman, hayotsan sen ham!

    Boshqa yangiliklar