Bugun, 1 mart kuni Toshkent vaqti bilan soat 9:15da Ukrainadan evakuasiya qilingan 258 nafar hamyurtimizni Polshaning Katovise shahridan olib kelgan navbatdagi maxsus samolyot poytaxtimizga qo`ndi. Bu haqda TIV xabar qilmoqda.
Ma`lum qilinishicha, joriy yilning 1 mart holatiga ko`ra, O`zbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining sa`y-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar O`zbekiston Respublikasi fuqarosi Vatanimizga qaytarildi.
Hozirgi vaqtda “Karchova” nazorat-o`tish punktidagi to`planish joyida bo`lib turgan 650 dan ortiq fuqarolarimiz uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuasion reyslarni tashkillashtirish ko`zda tutilmoqda.
O`zbekistonning Polshadagi Elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shug`ullanmoqda va ularning aeroportda bo`lib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.
Eslatib o`tamiz, kecha tunda Ukrainadan evakuasiya qilingan o`zbekistonliklarning birinchi guruhi Toshkentga etib kelgan edi.






