Prezident matbuot xizmati xabar berishicha, Respublikadagi ayni paytdagi 9 ming 309 ta mahalla raisining xotin-qizlar va oila bo`yicha o`rinbosarlari lavozimlari ham qo`mita tizimiga o`tkaziladi va har bir mahallada xotin-qizlar faoli lavozimi yangidan joriy qilinadi.
Hokim yordamchilari va yoshlar etakchilari qanday konkurs bilan tanlangan bo`lsa, mahallalardagi xotin-qizlar faollari ham shunday ochiq konkurs asosida, tajribali, obro`-e`tiborli, tadbirkor ayollar orasidan lavozimiga qo`yiladi.
Ya`ni, mahallada endi yaxlit tizim tashkil etiladi.
Bundan buyon:
- hokim yordamchisi kambag`allikni qisqartirish va yangi ish o`rinlari yaratishga;
- yoshlar etakchisi yoshlar siyosati va yoshlar balansiga;
- xotin-qizlar bo`yicha mas`ul esa, ayollar masalasi va ularning dardu-tashvishi ishlashga javob beradi.
Ushbu 3 ta yo`nalish bo`yicha, ularning aniq moliyaviy mablag`lari bo`ladi.
Prezidentimiz mahalla tizimidagi yangilanishlar haqida ham ma`lum qildi.
Xususan, Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirligi Mahalla va nuroniylarni qo`llab-quvvatlash vazirligi sifatida qayta tashkil etildi. Unga rahbarlik qilish Prezident maslahatchisi Tursinxon Aydarovich Xudaybergenovga yuklatildi.
Farzandlarimiz tarbiyasida nuroniylarimizning bilimlari va hayotiy tajribasidan keng foydalanishimiz zarur, dedi Prezident.
Shu bois, “Nuroniy” jamg`armasi rahbari Sodiqjon Turdiev vazirning birinchi o`rinbosari bo`ladi.
Endi mahalla tizimida ham mutlaqo yangi tizim yaratiladi.
Joylarda bu vazifa bevosita hokimlarning zimmasiga yuklatiladi, hokim o`rinbosari lavozimi qisqartiriladi.
Mahalla raisi o`z hududida hokim yordamchisi, yoshlar etakchisi va xotin-qizlar faoliyatini muvofiqlashtiradi va mahallada o`zaro hamjihatlikda ishlashni ta`minlaydi.
Shuningdek, Prezident Xalq qabulxonalarining vazifalari ham endi shahar va tumandan mahallaga tushadi, mahallabay fuqarolarni qabul qilib, ularning masalalari echimiga yordam beradi.






