Surxondaryo viloyati Denov tumanida maktab yoshidagi voyaga etmagan bolalarga yashash xonadonida noqonuniy diniy ta`lim berib kelgan shaxs aniqlandi. Bu haqda Surxondaryo viloyati IIB Axborot xizmati xabar berdi.
Ma`lum bo`lishicha, 2022 yilning 2 yanvar kuni, Surxondaryo viloyati IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish boshqarmasi, Denov tumani IIB Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bo`limi hamda Davlat xavfsizlik xizmati Denov shahar bo`limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor- tadbirlar davomida, Denov shahrida yashovchi, E.Sulton (ism sharif o`zgartirilgan) yashash xonadonida 2021 yilning yanvar oyidan boshlab “hujra” sharoitida, diniy adabiyotlardan foydalangan holda viloyatning turli tumanlarida istiqomat qiluvchi maktab yoshidagi voyaga etmagan bolalarga yashash xonadonida noqonuniy diniy ta`lim berib, kelayotganligi aniqlanib, ushbu adabiyotlar xolislar ishtirokida tegishli tartibda hujjatlashtirilib olingan.
Mazkur holat yuzasidan E.Sultonga nisbatan to`plangan xujjatlar O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 241-moddasiga asosan ma`muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, 2022 yil 10 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo`yicha Denov tuman sudi tomonidan E.Sultonning oilaviy sharoitini hisobga olib, Eng kam oylik ish haqqining 10 (o`n) barobari ya`ni 2.700.000 (ikki million etti yuz ming) so`m miqdorida jarima jazosi tayinlangan.






