Davlatimiz rahbari Vazirlar Mahkamasiga O`zbekistonning asosiy savdo hamkorlari bo`lgan ayrim mamlakatlarda yuzaga kelayotgan vaziyatni hisobga olgan holda, vujudga kelishi mumkin bo`lgan barcha salbiy ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo`yicha respublikamizning har bir tarmog`i va hududi kesimida aniq chora-tadbirlarning batafsil Rejasini ishlab chiqishga topshiriq berdi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, moliya tizimining barqarorligi, korxonalarning uzluksiz ishlashi va rejalashtirilgan investisiya loyihalari o`z vaqtida amalga oshirilishini ta`minlash vazifalariga alohida e`tibor qaratildi.
Tarmoq va hududlar rahbarlari oldiga transport-logistika tarmog`ining ishonchli faoliyatini ta`minlash bo`yicha qo`shimcha chora-tadbirlar ko`rish, bunda eksport geografiyasi yanada diversifikasiya qilinishini ham hisobga olish vazifasi qo`yildi.
Viloyatlar hokimlariga aholini ijtimoiy himoya qilish ishlarini kuchaytirish, yangi ish o`rinlari yaratish va ishsiz aholi bandligini ta`minlashni jadallashtirish, shuningdek, inflyasiya darajasini doimiy monitoring qilish va iste`mol bozorida narxlarning keskin tebranishlariga yo`l qo`ymaslik bo`yicha avvaldan chora ko`rish zarurligi alohida ko`rsatib o`tildi.






