Namanganda 26 fevral kuni 16 yoshli bola tengdoshini pichoqlab qo`ydi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.
Ma`lum qilinishicha, soat 11-50 larda Namangan shahar Sheroziy ko`chasida yashovchi voyaga etmagan 16 yoshli L.X. Namangan shahar Zirabuloq ko`chasida joylashgan uylar oralig`ida Yangi Namangan tumanida yashovchi voyaga etmagan 16 yoshli A.A. ga “nega mening uyali telefonimga qo`ng`iroq qilib, shaxsiyatimga tegib haqorat qilding”-deb u bilan o`zaro gap tortishib qolib, qo`lida bo`lgan pichoq bilan ko`krak qafasi orqa sohasiga 1 marta urib unga tan jarohati etkazganligi aniqlangan.
Natijada voyaga etmagan A.A. olgan og`ir tan jarohatlari bilan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Namangan filialining jonlantirish bo`limiga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan Namangan shahar IIO FMB huzuridagi Tergov bo`limi tomonidan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (qasddan badanga og`ir shikast etkazish) bilan jinoyat ishi qo`zg`atilib, voyaga etmagan L.X. gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, prosessual tartibida ushlangan.






