25 fevral kuni Turkmaniston Vazirlar Mahkamasining majlisida Bosh vazirning iqtisodiyot, bank va xalqaro moliya tashkilotlari masalalari bo`yicha o`rinbosari Serdar Berdimuhamedov Xalqaro bayram munosabati bilan mamlakatdagi xotin-qizlarga Prezident nomidan pul sovg`alarini topshirish to`g`risidagi farmoyish tayyorlanayotgani haqida ma`lum qildi. Bu haqda TDH davlat axborot agentligi xabar berdi.
Gurbanguli Berdimuhamedov 1—6-mart kunlari mulkchilik shaklidan qat`i nazar, korxona, muassasa va tashkilotlarda ishlayotgan, shuningdek, pensiya va nafaqa oluvchi, aspiranturada tahsil olayotgan ayollar va qizlarga 60 manat miqdorida mukofot puli berish to`g`risidagi hujjatni imzoladi.
Nashr ma`lumotlariga ko`ra, 12 mart kuni bo`lib o`tadigan prezidentlik saylovlari munosabati bilan viloyat hokimliklariga Ashxoboddan fevral oyi uchun barcha maoshlar, pensiyalar, nafaqalar hamda 8 mart kuni ayollarga sovg`alarni to`lash bo`yicha topshiriqlar kelib tushgan.
Qayd etilishicha, Turkmanistonda har yili Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan ayollarga 60 manat (davlat kursi bo`yicha 17,1 dollar, ‘qora bozorʼ kursi bo`yicha 3,3 dollar) to`lanadi. Uy bekalari va yakka tartibdagi tadbirkorlarga esa bunday mukofot puli berilmaydi.






