AsosiyDunyo

JSST jismoniy faollik bo`yicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi

'JSST jismoniy faollik bo`yicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqdi'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining keltirgan tahlillariga ko`ra, kamharakatlilik oqibatida dunyo bo`yicha yiliga 5 million kishi hayotdan ko`z yumadi. Eng yomoni, kelgusida bu ko`rsatkichlar yanada oshishi mumkin. 

Shu bois Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti barcha aholi qatlami uchun jismoniy faollik bo`yicha yangi tavsiyalarni ishlab chiqgan.  

Unga ko`ra:

  • 17 yoshgacha bo`lgan bolalar va o`smirlar kuniga kamida 60 daqiqa jismoniy faoliyat bilan shug`ullanishlari kerak. Bunda, avvalo, aerobik mashqlarga keng o`rin berilishi muhim.  

 

Qolaversa, velosiped haydash salomatlik uchun juda foydali. Tayanch-harakat tizimini mustahkamlashga qaratilgan bunday mashqlar bilan haftada kamida uch marta shug`ullangan ma`qul. Turli sport o`yinlari, masalan, futbol, voleybol, basketbol o`ynash ham maqsadga muvofiq.  

Bu yoshdagi o`g`il-qizlarda nofaol turmush tarzi oqibatida uyqu muddati qisqarishi ko`plab kasalliklarni keltirib chiqarishi mumkin. Shu sababli internet saytlari, ijtimoiy tarmoqlar, gadjetlar, televizor va kompyuterdan kamroq foydalanish tavsiya etiladi.

18-65 yoshli kishilar uchun jismoniy faollik nihoyatda zarur. Bu yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet kabi xavfli kasalliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Shuningdek, tushkunlik, jizzakilik, ishtaha yo`qolishi, uyqusizlik, semizlik, xotira susayishi kabi noxush holatlarga barham beradi.  

Ayni sababdan kattalar haftasiga kamida 150-300 daqiqa o`rtacha intensivlikdagi aerobik mashqlar bilan shug`ullanishlari lozim. Toza havoda yugurish (o`rtacha tezlikda), yurish, jamoaviy sport o`yinlarida ishtirok etishning ham ahamiyati katta.  

 65 yoshdan oshganlarning jismoniy faolligi o`lim xavfini keskin kamaytiradi. Shu tufayli bu toifaga kiruvchilar haftasiga kamida 150-300 daqiqagacha o`rtacha intensivlikdagi engil jismoniy mashqlar bilan shug`ullanishlari kerak. Yoki kuchli aerobik mashg`ulotlar bilan shug`ullanishni istaganlar uchun haftalik me`yor 75-150 daqiqaga teng bo`lishi kerak.

Keksa yoshli insonlarda yiqilish, qoqilish kabi holatlar og`ir asoratlarga sabab bo`lishi ham ma`lum. Shuning uchun ular haftasiga kamida uch marta turli muvozanat va mushaklarni mustahkamlovchi mashqlrini bajarishlari tavsiya etiladi.  

Umuman, jismoniy faollik:  

  •  yurak va nafas olish tizimini mustahkamlaydi;
  • ichak va buyrak faoliyatini yaxshilaydi;
  • suyak va bo`g`imlarning to`g`ri shakllanishi hamda mustahkamlanishiga yordam beradi;
  •  tana vaznini me`yorda ushlaydi;
  •  fikrlash va bilim olish faoliyatini kuchaytiradi;
  •  intizom, iroda, uyushqoqlik, mehnatsevarlik kabi fazilatlarni shakllantiradi.

 

    Boshqa yangiliklar