1

Bollivud rejissyori Umesh Mexra bilan video-muloqot tashkil etildi

Madaniyat 03.03.2022, 19:03
Bollivud rejissyori Umesh Mexra bilan video-muloqot tashkil etildi

Bugun Kinematografiya agentligi bosh direktori Firdavs Abduxoliqov taniqli rejissyor Umesh Mexra bilan video-muloqot o`tkazdi. Unda ko-produksiya bo`lishi rejalashtirilgan yangi kinoloyiha "Xiva langari" badiiy filmi muhokama qilindi.

Agentlik bosh direktori shoir va mutafakkir Pahlavon Mahmud haqidagi ushbu filmni hindistonlik kinoijodkorlar bilan birga yaratishni taklif qildi. Bollivud rejissyori bu taklifga o`z roziligini bildirib, Hindistonda o`tkaziladigan s`yomka jarayonlariga amaliy ko`mak berishini ta`kidladi.

— Tarixda o`zbek va hind kinoijodkorlari hamkorligida yaratilgan kinoasarlar talaygina. Xalqlarimiz madaniyati, urf-odatlari yaqinligi ko-produksiyalar yaratishimizda debocha vazifasini o`taydi. Hind kinoijodkorlari bilan hamkorlikda ishlangan filmlar o`zbek kinosining oltin xazinasiga aylangan. O`ylaymanki, buyuk bobokalonimiz Pahlavon Mahmud haqidagi mazkur film ham o`z tomoshabinini topadi, — dedi Firdavs Abduxoliqov.

Badiiy filmda Xorazm vohasining o`ziga xos qadimiy urf-odatlarini ko`rsatib berish bilan bir qatorda o`sha davrga xos milliy kiyim-kechaklar, qurol-aslahalar bazasi aks ettiriladi. Pahlavon Mahmud hayotini ko`rsatish bilan birga, ming asrlardan buyon o`z tarixini saqlab qola olgan ko`hna Xiva bilan bog`liq milliy va qadimiy obidalar, yurt bag`rida etishib chiqqan faylasuflar ijodi haqida hikoya qilinadi.

Filmning postanovkachi rejissyori O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan madaniyat xodimi Hamidulla Hasanov, ssenariy mualliflari Anvar Ergashev, Yuliya Medvedovskaya va Jasur Mahmudov, postanovkachi operator Habibulla Hasanov, rassom Nig`mat Jo`raev. Hozirda filmning suratga olish ishlariga tayyorgarlik ko`rilmoqda. Ma`lumot o`rnida, filmda o`zbek kinoijodkorlari bilan birga hind aktyorlarining ham rol ijro qilishi rejalashtirilgan.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1