1

Munisa Rizaeva: “Fe`lim og`ir emas, uddaburonlarni yoqtiraman”(Eksklyuziv)

Shou-biznes 04.06.2016, 14:16
Teglar: Xonanda, Munisa Rizaeva
Munisa Rizaeva: “Fe`lim og`ir emas, uddaburonlarni yoqtiraman”(Eksklyuziv)

Bu xonanda haqida turli gap-so`zlar eshitishga o`rganib qolganmiz.  Ayniqsa so`ngi besh yil ichida do`stlar xiyonati,  ijodiy inqiroz qaddini biroz bukkandek bo`ldi-yu, lekin fe`lidagi qa`tiyat uning  sinishiga yo`l qo`ymadi. O`z sohasining fidoiysi, mehnatkash ijodkor — Munisa Rizaeva bugun mehmonimiz. Shunday ekan uning hayoti va ijodiga doir muxlislarni qiziqtirgan barcha savollarga javob olishga harakat qilamiz.  

—  Sizning bo`sh vaqtingizni topish qiyin bo`lib qolgan. Doim bandsiz...

— Shou-biznesda harakatsiz turish mumkin emas. Shou-biznes aslida doim harakatda bo`l, degani (kuladi). Shu qoidaga amal qilganim uchun ham yangilik axtarish bilan bandman. Kuni kecha yangi qo`shig`imning klipini suratga olish ishlarini yakunladik. Xorazm san`ati yo`nalishidagi “Lol qolaman” qo`shig`ini kuylashda Hulkar Abdullaevadan dars oldim. Chunki bu yo`nalish oson emas. Ohang, so`zlaridagi shirani etkazib berishda mutaxassis yordamiga tayanib ish ko`rmasam bo`lmasdi.  

—  O`zbek shou biznesida Munisa Rizaevadek ma`murini ko`p o`zgartiradigan xonanda yo`q deyishadi. Bunga fe`lingiz og`irligi sababmi?

— (kulib) Bu antiqa ta`rifni o`zim ham eshitdim. Og`zi kuygan odam qatiqni ham  puflab ichadi, degan naql bor-ku. Shu narsaga amal qilyapman, shekilli. Sobiq ma`murim Jahongir bilan ishlash juda oson edi. Bir kun kelib u meni aldab ketishi hatto xayolimga ham kelmagandi, lekin hamma o`z qilmishiga yarasha jazosini oladi. Undan keyingi ma`murlarim Jahongirdek uddaburon chiqishmadi, u bajargan ishni yuzdan birini ham bajara olishmadi. Ular bilan turli sabablarga ko`ra shartnomani bekor qildik. Bir yilda olti marta yordamchi almashtiribman! Hozirgi ma`murim bilan ishlash ancha qulay. O`ylaymanki, bundan keyin yonimdagilarning xiyonatiga duch kelmayman. 

— Bu mavzudan keyin sizni aldab ketgan ma`muringizni taqdiri bilan qiziqmaslikning iloji yo`q. 

— Uni qidiruvga bergandik, topdik. Ammo men da`vomni qaytib oldim va ikki yil avval bo`lgan voqeani butkul unutishga qaror qildim. 

— So`nggi paytlarda depressiyaga tushib qolganingiz haqida eshitdik. Sababi nimada?

—  Bu holat shaxsiy hayotimdagi voqealar bilan bog`liq. Matbuotga rasman e`lon qilmagan bo`lsamda, hamkasblarim, yaqinlarim turmushga chiqishni rejlashtirayotganimni bilishardi. To`y kunini o`tgan yildagi konsertimdan keyinga rejalashtirgandik. Ammo sevgan insonimning xiyonati tufayli to`yimiz to`xtatildi. Shundan keyin uch oy o`zimga kelolmadim. Qalb jarohati bitishi qiyin ekan. Uni unutish maqsadida, ko`proq sayyohatda yurishga harakat qildim. Hozir bu haqda biroz oson gapiryapman. Ammo uch oy oldin “nega xiyonat qildi?”, “odamlar to`yim haqida so`rashsa nima deyman?”, kabi savollar ich-etimni kemirib ado qilgandi. Qolaversa, san`aktorlar doim barchaning diqqat markazida bo`lishadi. Ochig`i, yana gap-so`zlarga qolishdan qattiq xavotirga tushgandim. Chunki salbiy gaplarni eshitish oson emas. Ammo vaqt hamma narsaga davo ekan. Oradan oylar o`tib, endi-endi uni unuta boshladim... Hayotning turli zarbalariga chidash uchun insonning irodasi kuchli bo`lishi kerak ekan. Bundan keyin hammasi yaxshi bo`lishiga ishonaman.

— Lekin to`yingiz haqidagi gaplarni konsert oldi piari deganlar ham bo`ldi...

— Men shou-biznes odami bo`lsam-da, bunday qaltis piar qo`l urmayman! Avvalo o`zbek farzandiman, ustiga ustak qiz bolaman. Bunga tarbiyam ham, g`ururim ham yo`l qo`ymaydi...

—  Chunki bir konsertingiz oldidan ma`muringiz xiyonati haqida, ikkinchisidan oldin esa turmushga chiqishingiz haqida gap tarqaldi va asosli ravishda “bu piar” degan xulosa kelib chiqdi... 

— Hayotimdagi voqealar ayni shunday kunlarda sodir bo`layotganiga men aybdor emasman. Agar kimdir buni “piar” deb o`ylasa, bu uning xohishi, nima ham derdim. Ammo muxlislarim oldida vijdonim toza. Meni ayblayotganlar oldida haqligimni  isbotlash istagim yo`q. 

— O`tgan yilgi konsertingiz o`tgandan so`ng ham tanqidga uchradingiz. Dasturdagi xorijiy mashhurlarning sizga atalgan tabrigi soxtaligi ma`lum bo`ldi.

—  Bu ham men turmush chiqmoqchi bo`lgan yigitning tug`ilgan kunimga atalgan “syurpriz”i ekan. Bu narsani konsert dasturimga menga aytmasdan, rejissyor bilan maslahatlashgan holda kiritgan ekan. Chunki, unga ishonganim uchun ijodiy ishlarimga aralashishiga ham qarshilik qilmasdim. Kutilmagan sovg`a sifatida bu rolik katta ekranda namoyish etilganda,  hayratdan dovdirab qolganimni zaldagi tomoshabinlar ham sezishgan bo`lsa kerak. Shunday ekan, Munisa boshqalarga atalgan tabriklarni o`zlashtirib olibdi, deganlar qattiq adashishadi.

— Bilamizki, mehmonxona biznesingiz bor. Eshitishimizcha, yaqinda do`kon ham ochibsiz. Hammasiga qanday ulgurasiz?

— Muxlislarim ko`pincha mening imidjimga qiziqib liboslarimni qaerdan olganimni so`rashadi. Liboslar, aksessuar, sumkalar mavzusida savollar yog`ilavergach, do`kon ochib, o`zimning nomim bilan kolleksiya yaratish fikri tug`ildi. Ammo san`at sohasida ishlagan odam hadeb boshqa yumushlarga chalg`iyversa, bo`lmaydi. Shuning uchun hozir do`kon ishlarini singlim yurityapti.

— Yaqinda instagramdagi folloverlaringizning biri bilan gap talashganingizga guvoh bo`ldik...

— Suratlarim ostiga yozilgan har bir fikrga e`tiborliman. Hatto tanqidlarni ham javobsiz qoldirmayman. Shu sabab ham ko`pincha muxlislarim bilan tortishib qolaman. Siz aytayotgan “janjal”da esa folloverlardan biri meni noo`rin tanqid qildi, men unga javob qaytardim xolos. Gap shundaki, ilgari suratlarimga rus tilida izoh yozsam, “Nega ruscha yozasiz, o`zbeksiz-ku” deb tanqid qilishardi. Keyin faqat o`zbek tilida izoh yozadigan bo`ldim. Keyin esa rusiy zabon internet foydalanuvchilari gapimga tushunishmayotganidan norozi bo`lishdi. Shundan keyin suratga uch tilda — o`zbek, rus va ingiliz tilida izoh yozadigan bo`ldim. Afsuski, tirnoq tagidan kir qidiradiganlar shunda ham mendan kamchilik topishdi: “Bilamiz, siz juda  aqllisiz. Buni ko`z-ko`z qilib, bitta gapni uch tilda yozish shartmi? O`zimiz tushunib olamiz.” deya yana tanqid qilishdi. Men ularga javob qaytardim. shunda biroz tortishib qoldik. 

— Kelin ko`ylak kiyib tushgan suratingizni instagramga joylashtirib, unga norozilik ham bildirgandingiz... 

— Internet saytlaridan birining loyihasida kelinlik libosini kiyib suratga tushgan edim. Avvaliga juda yaxshi taklif ekan deb xursand bo`ldim. Keyin qarasam o`sha suratlarimga turli gap-so`zlarni yozib, tarqatib yuborishdi. Shundan keyin bunday loyihalarda ishtirok etmaslikka ahd qildim.  

— Yaqinda jarrohlik operasiyasini boshdan o`tkazganingiz haqida eshitdik. 

— Disk churrasini jarrohlik yo`li bilan oldirdim. Ochig`i, jarrohlik amaliyotidan so`ng juda qiynaldim. Bunga sabab operasiya bo`lgan kunimning o`zidayoq to`y xizmatiga borishimga to`g`ri keldi. Bir qarashda bu telbalik, ammo men uchun san`atdan muhim narsa yo`q. O`zingiz o`ylang, kimdir necha yillik orzusi — farzandining to`yiga niyat qilib meni taklif qilgan bo`lsa-yu, men rad eta olamanmi?  Hozir ancha yaxshiman. Qiyinchiliklar ortda qoldi. 

Aliya SULAYMANOVA suhbatlashdi

Sharhlar

"Kuyovbolaning yoshi mеndan kichik". Munisa Rizaeva turmushga chiqayotgani haqida ma`lum qildi (video)

08.01.2021, 10:17

Xonanda Munisa Rizaeva turmushga chiqmoqda. Bu haqda xonandaning o`zi Instagram sahifasida muxlislari bilan bo`lgan jonli savol-javob efiri chog`ida ma`lum qildi. Xonanadaga ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan bir qancha...
Munisa Rizaevani tovlamachilikda ayblashdi

13.03.2020, 18:21

Munisa Rizaeva o`z instagramdagi sahifasida videomurojaat joylashtirdi. Unda xonanda muxlislari uni tovlamachilikda ayblashayotganligini aytmoqda. Bu haqda honandaning intagram sahifasiga ilova qilib Aniq.uz xabar berdi.Xonanda va...
Mashhur xonanda 61 yoshida vafot etdi

10.12.2019, 20:06

 Taniqli shved guruhi — «Roxette» solisti Mari Fredriksson 61 yoshida vafot etdi. Bu haqda Shvesiya OAVlariga asoslanib xabar berildi.Dagens Nyheter nashrining yozishicha, xonanda uzoq yillar davomida saraton xastaligiga...
​Munisa Rizaeva 700 dollar muhokamalariga javob berdi

30.09.2019, 18:41

Xonanda Munisa Rizaeva o`zining Instagram’dagi sahifasida to`y va marosimlardagi «birrov» xizmati narxi muhokamalarga sabab bo`lgani uchun ushbu fikrlarga o`zining munosabatini bildirib o`tdi.Munisa Rizaevaning ta`kidlashicha, u...
Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1