Avval xabar qilganimizdek, joriy yilning 22 fevral kuni O`zbekiston Prezidentining “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda belgilangan xizmat muddatini o`tab bo`lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo`shatish to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.
Ushbu qarorga muvofiq mudofaa ishlari boshqarmalarining chaqiruv va yig`in punktlarida fuqarolarning muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi hamda harbiy qismlarda belgilangan xizmat muddatini o`tab bo`lgan muddatli harbiy xizmatchilarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo`shatish bo`yicha tadbirlar boshlandi. Bu haqda O`zbekiston Milliy matbuot markazida “O`zbekiston Respublikasi fuqarolarining muddatli harbiy xizmatga navbatdagi chaqiruvi va Qurolli Kuchlardan rezervga bo`shatish masalalari” mavzusida matbuot anjumanida ma`lum qilindi.
Ta`kidlanishicha, joriy yilning 15 fevralidan joylarda chaqiruv tadbirlari, chaqiriluvchilarni tibbiy ko`rikdan o`tkazish, ularni harbiy qismga jo`natish uchun komandalarga tayinlash ishlari boshlandi. Bugungi kunda, Qoraqalpog`iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar yig`in punktlarida Rahbariyat kengashlari, harbiy-tibbiy komissiyalar, shuningdek tuman (shahar) mudofaa ishlari bo`limlari huzurida Qurolli Kuchlarni butlash hamda hududiy-tibbiy komissiyalar ish faoliyatini olib bormoqda.
Muddatli harbiy xizmatni o`tashga yaroqli hamda chaqirilish muddatini kechiktirish va chaqirilishdan ozod etilish huquqiga ega bo`lmagan, biroq Qurolli Kuchlar safiga navbatdagi muddatga chaqirilmagan shaxslar safarbarlik chaqiruvi rezervi safiga olinadilar.
Chaqiriluvchilarning muddatli harbiy xizmatga, safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilish muddatini kechiktirish tuman (shahar) hududiy komissiyasining qarori asosida ularning oilaviy sharoitiga, salomatligiga ko`ra, o`qishni davom ettirishi uchun amalga oshiriladi.
Tinchlik davrida muddatli harbiy xizmatga hamda safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga chaqirilishdan quyidagilar ozod etiladi:
- salomatligiga ko`ra harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgan chaqiriluvchilar;
- yaqin qarindoshlaridan biri (aka-ukasi, opa-singlisi) harbiy xizmatni o`tash vaqtida halok bo`lgan yoki vafot etgan chaqiriluvchilar, ammo ular o`z roziliklari bilan harbiy xizmatga chaqirilishlari mumkin;
- ro`yxatdan o`tgan diniy tashkilotlardan birida diniy rutba egasi bo`lgan chaqiriluvchilar.
Joriy yilning mart – aprel oylarida Qurolli Kuchlar safiga muddatli harbiy xizmatchilarni yuborish, muddatli harbiy xizmat muddatini o`tab bo`lganlarni Qurolli Kuchlar rezerviga bo`shatish ishlari o`tkaziladi. Chaqiruv yoshidagi fuqarolar Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo`shinlari, Ichki ishlar vazirligi Qorovul va xalqaro aeroportlarni qo`riqlash qo`shinlari, Milliy gvardiya, Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari qo`shinlariga muddatli harbiy xizmatni o`tash uchun yuboriladi.
Bundan tashqari, joriy yilning 15 mart kunidan boshlab mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi harbiy – texnika mutaxassisliklari tayyorlash markazlarida 9 ta mutaxassislik bo`yicha o`qish jarayoni boshlanadi. Shunga muvofiq, joylardagi mudofaa ishlari bo`limlari tomonidan harbiy-texnika mutaxassislik bo`yicha o`qish istagida bo`lgan yoshlarni saralab olish ishlari o`tkaziladi.
Ma`lumot uchun: Chaqiriluvchilarni muddatli harbiy xizmatga jo`natishning ilk bosqichi bugun, 4 mart kuni soat 12:00 da Toshkent shahar Mudofaa ishlari boshqarmasining yig`in punkitida amalga oshiriladi.