AsosiyJamiyat

Toshkent va Namanganda kompyuter xaridida aldanib qolgan iste`molchilar huquqi tiklandi

'Toshkent va Namanganda kompyuter xaridida aldanib qolgan iste`molchilar huquqi tiklandi'ning rasmi

O`zbekiston iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federasiyasi Matbuot xizmati xodimi Gulnoza Sharafovaning Darakchi.uz ga ma`lum qilishicha, federasiya tomonidan kompyuter xaridida aldanib qolgan bir guruh fuqarolarning muammolari hal qilingan

Namangan viloyatida yashovchi Dilmurod Vohidov Namangan shahrida joylashgan “Medan” maishiy texnika do`konidan “Asus Vivo BOOK” rusumli kompyuterni 2021 yilning 26 dekabr sanasida sotib olgan. Biroq kompyuter nosoz chiqqan. Iste`molchi mahsulotni almashtirishga olib borganida unga ta`mirlab, nosozlikni bartaraf etib beramiz deyishgan. Biroq  D.Vohidov servis xizmatidan ham qoniqmagan. U yana do`konga borib, noutbukni almashtirib berishlarini yoki pulini qaytarib berishlarini talab qilganda, do`kon xodimlari siz tovarni kreditga olgansiz va siz bilan tuzilgan shartnoma elektron tarzda tuzilgani uchun pulingizni qaytarib bera olmaymiz degan vajni keltirgan. Bundan jahli chiqqan iste`molchi Namangan shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga borib, masalasini hal etib berishlarini so`rab, ariza qoldirgan. Namangan shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari “Medan” do`koni ish yurituvchisi va murojaatchi bilan bevosita suhbatlashib, “Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish to`g`risida”gi qonunda bu kabi holatlarga qanday yondashish lozimligini tushuntirishgan. Suhbat davomida D. Vohidov bu do`kondan kompyuter olish fikridan qat`iy qaytganini bildirib, unga pulini qaytarib berishlarini so`ragan. Iste`molchining talabi qondirilib, o`sha kunning o`zida  uning noutbuk uchun to`lagan 9370000 so`m pul mablag`i qaytarib berildi.      

Toshkent viloyatilik Otabek Norchaev ham Yunusobod tumanidagi do`konlardan biridan kompyuter sotib olgan. Buni qarangki, do`kondagi sotuvchi xaridorni qanday bo`lmasin aldab, ishlatilgan kompyuter jamlamasini berib yuborgan. Buni o`z uyiga borib bilib qolgan iste`molchi Federasiyaning “ishonch telefoni” ga murojaat qilib, unga ushbu muammosini echishda amaliy yordam berishlarini so`ragan. Ushbu murojaat Shayhontohur tumani iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan ijobiy hal etilib, iste`molchiga do`kondan yangi kompyuter jamlamasi olib berildi.

Yana bir shunday ish Toshkent shahri Mirzo Ulug`bek tumanida yashovchi Islom Qayumov bilan yuz berdi. U “Malika” savdo majmuasidan 7500000 so`mdan oshiqroq so`mga “Asus Vivo BOOK x 712” rusumli noutbukni 2021 yilning 1-martida bir yillik kafolot muddati bilan xarid qilgan. Ammo qisqa vaqtda noutbuk ishlamay qolgan. Iste`molchi kompyuterni xarid qilgan do`koniga murojaat qilgan. Do`kondagi sotuvchilar I.Qayumovni servis xizmatiga jo`natishgan. Servis xizmatidagi mutaxassislar 3 kun ichida tuzatib beramiz deya, oradan ancha vaqt o`tsada iste`molchining  kompyuterini tuzatib berishmagan. Bu holatdan norozi bo`lgan Islom Qayumov Iste`molchilar huquqlarini himoya qilish federasiyasiga murojaat qilib, muammosi yuzasidan ariza qoldirgan. Ushbu ariza Toshkent shahar iste`molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati xodimlari tomonidan o`rganilib, bir kunda nosoz noutbuk mahsulot sotib olingan do`konga tegishli servis xizmati tomonidan ta`mirlab berilishiga erishishdi. Ushbu holatlarni tahlil eta turib,  iste`molchilarga har qanday holatda ham o`z huquqlari himoyasi uchun kurashishlari lozim degan fikrga keldik.  

    Boshqa yangiliklar