Janubiy Koreya prezidenti huzuridagi Milliy xavfsizlik kengashi (MXK) Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirilishini qoraladi. Bu haqda Yonhap agentligi ma`lum qildi.
Xabarda aytilishicha, MXK a`zolari Shimoliy Koreyaning bir necha bor ballistik raketa uchirishi “Koreya yarim orolidagi tinchlik va barqarorlikka zid” ekanini ta`kidlagan.
Yig`ilishda qatnashgan Milliy Xavfsizlik Kengashi a`zolarining qayd etishicha, ballistik raketa Ukrainadagi inqirozning “og`ir pallasida”, Pekinda Paralimpiya o`yinlari davom etayotgan va Janubiy Koreyada prezidentlik saylovlari boshlanishi kerak bo`lgan vaqtda amalga oshirilgan.
"MXK Shimoliy Koreyani “zudlik bilan keskinlikni kuchaytiruvchi harakatlarni to`xtatishga chaqirdi", - deyiladi xabarda.
Shuningdek, AQSh va Yaponiya ham Shimoliy Koreyaning ballistik raketa uchirishini keskin qoralaydi. Ular ham buni to`xtatish lozimligini ma`lum qilgan.






