Avvalroq, afsonaviy sportchi Oksana Chusovitina Doxadagi Jahon kubogida oltin medalni qo`lga kiritgani haqida xabar bergan edik. Shu munosabat bilan bir qator taniqli shaxslar sportchiga samimiy tabriklar yo`llamoqda.
Mass-media fondi Vasiylik kengashi raisi o`rinbosari Saida Mirziyoeva:
– "Men sportdagi faoliyatimni O`zbekiston sharafi uchun medal qozonmasdan yakunlay olmayman" - deya bergan va`dangiz yodimizda, Oksana Aleksandrovna!
Siz va`dangizni bajardingiz, mamlakatga oltin medal olib keldingiz. Sizni Dohada bo`lib o`tgan Jahon Kubogining ikkinchi bosqichida g`olib bo`lganingiz bilan chin yurakdan tabriklayman! Sport gimnastikasi bo`yicha jamoamizni tabriklayman!
Sizning g`alabangiz nafaqat sportdagi yutuq, balki, shubhasiz qat`iyat, iroda va vatanparvarlik namunasidir.
Rahmat sizga, Great Chuso! Siz O`zbekistonning va dunyoning buyuk sportchisisiz, bundan keyingi g`alabalaringizni intizorlik bilan kutib qolamiz!
Bundan tashqari Germaniyaning O`zbekistondagi elchixonasi Chusovitinani bir paytlar Germaniya uchun medal yutib berganini eslab, undan faxrlanishini aytdi.
– Germaniyaning Toshkentdagi elchixonasi gimnastikachi Oksana Chusovitinani Dohadagi Jahon kubogining ikkinchi bosqichida oltin medalni qo`lga kiritgani bilan tabriklaydi.
Biz Chusovitinaning O`zbekiston Respublikasi uchun erishayotgan yutuqlaridan hursandmiz. Shu bilan birga, biz Oksana bir necha yil Germaniya Federativ Respublikasida 🇩🇪 yashaganidan va shu vaqt mobaynida Germaniya uchun gimnastika bo`yicha ajoyib g`alabalarni qo`lga kiritganidan, masalan, 2008 yildagi Olimpiya o`yinlarining kumush medalidan juda faxrlanamiz.
Germaniya va O`zbekiston o`rtasida o`rnatilgan diplomatik aloqalarning 30 yilligi munosabati bilan Oksananing sportdagi muvaffaqiyatlari Germaniya va O`zbekiston o`rtasidagi yaqin munosabatlarning ramzi hisoblanadi.
Germaniya elchixonasi Oksana Chusovitinaga hayot yo`lida katta muvaffaqiyatlar, baxt va sog`lik tilaydi.






