Bugun Turkiya Matbaa va nashriyot professional uyushmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan 7-xalqaro Istanbul noshirlik kasbiy uchrashuvlari (Istanbul Publishing Fellowship) tadbirining ochilish marosimi bo`lib o`tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo"AA muxbiri Faxriddin Parpiev voqea joyidan.
Gibrid formatda o`tkazilayotgan ushbu xalqaro tadbirda kitobxonlikni ommalashtirish, mualliflik huquqiga rioya etilishini ta`minlash, nashriyotlar, adiblar, madaniy-marifiy muassasalar, kitob savdosi bilan shug`ullanadigan tashkilotlarning o`zaro hamkorligini mustahkamlash kabi dolzarb masalalar muhokama qilinadi.
Dasturda qatnashish uchun jahonning 105 mamlakatida faoliyat ko`rsatadigan 1104 nashriyotdan arizalar kelib tushgach, belgilangan mezonlar asosida saralash jarayoni o`tkazilgan. Hozir mazkur anjumanda 72 mamlakatning noshirlik sohasiga aloqador 555 tashkilotidan mas`ul vakillar ishtirok etmoqda. Xususan, ilk bor mamlakatimizdan O`zbekiston Noshirlari va kitob savdosi milliy assosiasiyasi, «Sharq», «G`afur G`ulom», «O`zbekiston», «Akademnashr», «Yangi asr avlodi» singari qator nashriyotlarning mutasaddilari, shuningdek, AOKA , "Dunyo" AA vakili ham qatnashmoqda.
Ochilish marosimida so`zga chiqqan Xalqaro noshirlar assosiasiyasi (International Publishers Association) vise-prezidenti Bodur Al-Qosimi ushbu xalqaro uchrashuvlarning ahamiyati haqida so`zladi. u Uzoq Sharqdan Lotin Amerikasigacha, Shimoliy Evropadan Afrikagacha — dunyoning to`rt tomonidan soha mutaxassislarini bir joyga jamlagan ushbu tadbirdan katta natijalar kutilayotganini ta`kidladi.
Istanbuldagi muloqotlar jahon noshirlik va bosmaxona sanoati tajribasini o`rganish, etakchi nashriyotlarning eng yaxshi zamonaviy kitoblar to`plamini o`quvchilar va xaridorlarga etkazish, kitob mahsulotlarini yangi texnologiyalar asosida ishlab chiqarish va tarqatishga doir istiqbolli vazifalarni belgilashga hamda xalqaro madaniy aloqalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.






