Iordaniya poytaxti Amman shahrida davom o`tayotgan boks bo`yicha o`smirlar va yoshlar o`rtasidagi Osiyo chempionati o`zining yakuniy pallasiga kirdi.
Ushbu nufuzli musobaqada qit`amizning 21 mamlakatidan jami 352 nafar bokschi bahslarga kirishdi. O`zbekiston sharafini esa o`smirlar o`rtasidagi bahslarda 25 nafar, yoshlar o`rtasida esa 24 nafar, jami 49 nafar sportchi munosib himoya qildi.
Bugun musobaqa doirasida o`smirlar o`rtasida Osiyo chempionati g`oliblari aniqlandi. Biroz avval ushbu yosh toifasidagi qizlar o`rtasida o`tkazilgan janglar o`z yakuniga etdi. Unda O`zbekiston o`smirlar (qizlar) terma jamoasining 5 nafar a`zosi qit`a chempionligini qo`lga kiritgan bo`lsa, yana bir o`zbek qizi kumush medalga sazovor bo`ldi.
Boks bo`yicha o`smirlar (qizlar) o`rtasida Osiyo chempionatining final janglarida O`zbekiston terma jamoamiz a`zolari qayd etgan natijalar bilan tanishing:
- -46 kg vazn toifasi: Jasmin Tohirova hindistonlik raqibasidan ustun keldi va oltin medalni qo`lga kiritdi.
- -48 kg vazn toifasi: Zilolaxon Yusufova ham hindistonlik raqibasini mag`lub etdi va oltin medalga sazovor bo`ldi.
- -52 kg vazn toifasi: Rahima Bekniyazova esa hindistonlik bokschi qizga imkoniyatni boy berdi va kumush medal bilan taqdirlandi.
- -54 kg vazn toifasi: Uzukjamol Yunusova ham hal qiluvchi bahsda Hindiston vakilasini muddatidan oldin mag`lub etib, Osiyo chempioniga aylandi.
- -70 kg vazn toifasi: Oysha Toirova qozog`istonlik bokschini muddatidan oldin mag`lub etdi va qit`a chempioni sifatida tarixga kirdi.
- +80 kg vazn toifasi: Sobiraxon Shahobiddinova ham hindistonlik raqibasini muddatidan oldin mag`lubiyatga uchratdi va oltin medalni qo`lga kiritdi.
Shu tariqa o`smir qizlar Osiyo chempionatida 5ta oltin medalga sazovor bo`lishdi.






