AsosiyJamiyat

Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov va uning o`g`li bilan telefon orqali gaplashdi

'Shavkat Mirziyoev Gurbanguli Berdimuhamedov va uning o`g`li bilan telefon orqali gaplashdi'ning rasmi

15 mart kuni O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoevning Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov va saylangan Prezidenti Serdar Berdimuhamedov bilan telefon orqali muloqotlari bo`lib o`tdi.

Davlatimiz rahbari Turkmaniston tomonini g`oyatda muhim siyosiy tadbir – Prezident saylovi muvaffaqiyatli o`tkazilgani, unda Serdar Berdimuhamedov ishonchli g`alaba qozongani bilan samimiy tabriklab, qardosh Turkmaniston xalqiga tinchlik-osoyishtalik, farovonlik va ravnaq tiladi.

O`zbekiston va Turkmaniston o`rtasidagi do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini izchil mustahkamlashga qaratilgan birgalikdagi ishlar davom ettirilishiga ishonch bildirildi.

Ikki tomonlama munosabatlar kun tartibi va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari ham muhokama qilindi.

Mamlakatlarimiz o`rtasidagi ko`p qirrali hamkorlik ijobiy sur`at bilan rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.

O`tgan yil yakunlari bo`yicha o`zaro tovar ayirboshlash va yuk tashish hajmlari sezilarli darajada oshdi. Chegaradosh hududlar va etakchi korxonalar darajasida yaqin aloqalar yo`lga qo`yildi. Sanoat, transport, energetika, qishloq va suv xo`jaligi sohalarida aniq kooperasiya loyihalari ilgari surilmoqda.

Bundan tashqari, ikki mamlakat etakchilari parlamentlar o`rtasidagi faol muloqotni, shu jumladan xalqaro tashkilotlar doirasida davom ettirish muhimligini ta`kidladilar.

Bo`lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko`rib chiqildi.

    Boshqa yangiliklar