AsosiyJamiyat

"Vardonze qo`rg`oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududi va davlat manfaatlariga jiddiy zarar etkazilgani aniqlandi

'"Vardonze qo`rg`oni” arxeologik yodgorligining muhofaza hududi va davlat manfaatlariga jiddiy zarar etkazilgani aniqlandi'ning rasmi

Buxoro viloyatidagi “Vardonze qo`rg`oni” arxeologiya yodgorligi hududiga zarar etkazilayotganligi bo`yicha Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga kelib tushgan murojaat Milliy arxeologiya markazi, Madaniy meros agentligi va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda o`rganildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma`lumot o`rnida: IV-XV acplarga oid ushbu ob`ekt davlat muhofazasida bo`lib, Vazirlar Mahkamasining 2019  yil 4 oktyabrdagi “Moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy ro`yxatini tasdiqlash to`g`risida”gi 846-son qarori bilan tasdiqlangan moddiy madaniy merosning ko`chmas mulk ob`ektlari milliy Ro`yxatida 603-raqam bilan moddiy madaniy meros ob`ekti sifatida ro`yxatga olingan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 28 noyabrdagi “O`zbekiston Respublikasida milliy madaniyatni rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to`g`risida”gi PQ-4038-son qarorining 11-bandiga ko`ra, ob`ektni Umumjahon madaniy merosi ro`yxatiga kiritish bo`yicha 2021 yil 4 oktyabrda YuNESKOga taklif kiritilgan.

O`rganish jarayonida Buxoro viloyati Shofirkon tumanidagi “To`ymurod Xolmurod o`g`li” fermer xo`jaligi rahbari A.Q. tegishli idoralarning xulosalarini olmasdan ob`ektning muhofaza hududini og`ir texnika yordamida surib, er qazish, er tuzish, ekin ekish va meliorasiya ishlarini amalga oshirganligi, jumladan, ariq qazib, fermer xo`jaligi er maydonini arxeologiya ob`ekti muhofaza maydoni hisobidan kengaytirganligi ma`lum bo`ldi. Bu esa ob`ektning Rabod qismi madaniy qatlami yo`qotilishi, hududdagi saksovul daraxtlarining nobud bo`lishi hamda er qa`rida saqlanib kelayotgan qadimgi tarixiy topilmalarning yo`qotilishiga sabab bo`lgan. 

Hujjatlarga ko`ra, ob`ektning er maydoni va muhofaza hududi tuman hokimligining 2013 yildagi qaroriga asosan 124 gektarni tashkil etgan. Ammo, 2015 yilda hokimlik qonunchilikka zid ravishda, tegishli idoralarning xulosalarisiz ob`ekt hududini 76 gektar etib belgilagan. 

Shuningdek, qisqartirilgan er maydoni fermer xo`jaligiga yaylov sifatida foydalanish uchun berilgan, biroq amalda fermer uni ekin maydoniga aylantirib yuborgan. 

O`rganish yakunida arxeologiya yodgorligining Rabod qismi er maydonining 1.800 kvadrat metr qismiga shikast etkazilishi oqibatida davlat manfaatlariga 26 mlrd. 730 mln. so`mlik zarar etkazilganligi aniqlandi.

Agentlik tomonidan to`plangan hujjatlar asosida ushbu holat yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan  Jinoyat Kodeksining 132-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo`zg`atildi.
Jinoyat ishi dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Buxoro viloyat prokuraturasiga yuborildi.

    Boshqa yangiliklar