AsosiyDunyo

Nufuzli turk gazetasining O`zbekiston-Turkiya iqtisodiy munosabatlariga bag`ishlangan maxsus soni chop etildi

'Nufuzli turk gazetasining O`zbekiston-Turkiya iqtisodiy munosabatlariga bag`ishlangan maxsus soni chop etildi'ning rasmi

Turkiyaning nufuzli «Dünya» gazetasining o`zbek-turk munosabatlariga bag`ishlangan «O`zbekiston: Strategik sherikligimiz turfa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirmoqda» sarlavhali maxsus ilova soni chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

28 sahifadan iborat bo`lgan maxsus son O`zbekiston va  Turkiya o`rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalar, investisiya, eksport salohiyatini kengaytirish, tashqi savdoni rivojlantirish  bo`yicha amalga oshirilayotgan ishlarga bag`ishlangan.

Mazkur maxsus sonda Turkiya savdo vaziri Mehmet Mushning «O`zbekiston – turk investorlar uchun jozibador va salmoqli imkoniyatlar diyori», O`zbekiston elchisi Alisher A`zamxo`jaevning «Yangi O`zbekistonni insho etishda turk birodarlarimiz biz bilan elkama elka ishtirok etmoqdalar», Turkiyaning O`zbekistondagi elchisi Olgan Bekar qalamiga mansub «O`zbek xalqi Markaziy Osiyodagi yangilanish jarayonida muhim rol o`ynamoqda», Turkiya Savdo vazirligi huzuridagi Tashqi iqtisodiy aloqalar kengashining O`zbekiston-Turkiya hamkorlik guruhi raisi O`zger O`nur O`zguven qalamiga mansub «O`zbekiston-Turkiya savdo hajmidagi marra - 5 milliard dollar» sarlavhali maqolalari  bosilib chiqdi.

«Mamlakatlarimiz o`rtasida tarixiy va madaniy aloqalarning mavjudligi munosabatlarimiz taraqqiyoti uchun mustahkam zamin bo`lib xizmat qilmoqda. 30 yildan buyon izchil rivojlanib borayotgan O`zbekiston-Turkiya munosabatlari bunga yorqin misoldir. Mustahkam diplomatik va madaniy aloqalar negizida ikki davlat o`rtasida sarmoya va savdo aloqalari ham rivojlandi. O`zbekistonning muhim savdo sheriklari qatorida Turkiya ham bor. So`nggi ma`lumotlarga ko`ra, 3,6 milliard dollardan oshgan ikki davlat o`rtasidagi savdo hajmini 5 milliard dollarga etkazish muhim maqsad sifatida belgilangan. O`zbekistonda Turkiya sarmoyasi ishtirokidagi 2 mingga yaqin kompaniya faoliyat yuritmoqda», deb yozadi maxsus sonning kirish so`zida ushbu  gazetaning Anqaradagi vakolatxonasi rahbari Ma`ruf Buzugil.

Turkiya savdo vaziri Mehmet Mush muallifligidagi  “O`zbekiston – turk investorlar uchun jozibador va salmoqli imkoniyatlar diyori” nomli maqola Turkiya va O`zbekiston o`rtasidagi  iqtisodiy munosabatlar batafsil tahlil etilgan.

«Turk sarmoyadorlari uchun imkoniyatlar mamlakati bo`lgan O`zbekiston – biz Markaziy Osiyodagi eng ko`p investisiya kiritgan davlatlardan biridir. Turkiya kompaniyalarining O`zbekistonga kiritgan sarmoyasi 1,5 milliard dollar darajasida. Bugungi kunda 1912 nafar turkiyalik tadbirkor O`zbekistonda tashkil etgan kompaniyalari bilan mamlakat iqtisodiyoti taqdim etayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanmoqda», deb yozadi muallif.

Maqolada O`zbekistonda turk investorlari to`qimachilik,  moliya, mashinasozlik, energetika kabi sohalarda keng ko`lamda mamlakat iqtisodiyotining rivojlanishi va aholi bandligini ta`minlashga hissa qo`shayotgani  qayd etilgan.

Nashr ma`lumotlariga ko`ra, ikki davlat o`rtasida davom etayotgan Imtiyozli savdo bitimi muzokaralarini imkon qadar tezroq yakunlash maqsad qilingan.  

Muallifning qayd etishicha, Turkiya va O`zbekiston o`rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik ikki tomonlama darajada cheklanib qolmagan. «Mintaqaviy va ko`p tomonlama platformalarda ham mustahkam o`zaro hamkorlik mavjud. Shu nuqtai nazardan amalga oshirilayotgan islohotlarning bir qismi sifatida O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo`lishiga ustuvor ahamiyat qaratilayotgani mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiyoti bilan integrasiyasi uchun alohida o`rin tutmoqda. Bu borada Turkiya hozirgi paytda kuzatuvchi maqomida bo`lgan O`zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga to`laqonli a`zo bo`lishi jarayonini har tomonlama  qo`llab-quvvatlaydi», deb ta`kidlaydi Turkiya savdo vaziri.

    Boshqa yangiliklar