Kecha Misr poytaxti Qohira shahrida sport gimnastikasi bo`yicha Jahon kubogi bosqichiga start berildi. Biz uchun ahamiyatlisi, ushbu nufuzli musobaqada O`zbekiston terma jamoasi ham ishtirok etmoqda.
Jahon kubogining Qohira bosqichiga terma jamoamiz quyidagi tarkibda jo`nab ketgan: Oksana Chusovitina, Ominaxon Xalilova, Dildora Oripova, Rasuljon Abdurahimov, Abdulla Azimov, Habibullo Ergashev, O`tkirbek Jo`rayev. Murabbiylar – Elvira Rakova hamda Ravshan Mirzayev. Shuningdek, Stella Koshechkina va Otabek Masharipovlar musobaqada hakam sifatida faoliyat olib boradi
Qohiradagi musobaqalarda jahonning 33ta davlatidan eng kuchli va iste`dodli sportchilar g`oliblik uchun bahs olib borish istagini bildirgan. Bu jahon kubogi bosqichlari tarixidagi rekord ko`rsatkichdir.
Kecha jahon kubogining tayanib sakrash yo`nalishida saralash bahslari o`tkazildi. Saralash bahslari hamyurtimiz Oksana Chusovitina uchun muvaffaqiyatli kechdi. U eng yaxshi natija qayd etgan holda final bosqichiga yo`llanmani qo`lga kiritdi. Qo`shpoya (brus) yo`nalishidagi saralash bahslarida iqtidorli qizimiz Dildora Oripova ham final bosqichiga yo`llanma oldi.






