1

Navro`z munosabati bilan Kinematografiya agentligi 10 ga yaqin yangi filmlarning telepremerasini taqdim etadi

Madaniyat 20.03.2022, 09:34
Navro`z munosabati bilan Kinematografiya agentligi 10 ga yaqin yangi filmlarning telepremerasini taqdim etadi

Yangilanish va yasharish ayyomi Navro`z bayrami munosabati bilan Kinematografiya agentligi 10 ga yaqin yangi filmlarning telepremerasini taqdim etadi. Bu haqda Kinematografiya agentligi Axborot xizmati xabar bermoqda.

Mazkur telepremeralar Navro`z bayrami kunlari yurtdoshlarimizga munosib tuhfa bo`lishi kutilmoqda.

Bayram kunlari “Bir kunlik to`y”, “Orzular qanotida”, “Hayot afsunlari” badiiy filmlari, “Inson”, “Abdulla Oripov”, “Matonat maktabi”, “Covid-19: sinovli kunlar” kabi hujjatli filmlarning telepremeralari bo`lib o`tadi.  

Shuningdek, Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan “Kim deyay seni”, “Afv”, “Bir kunlik to`y” kabi filmlar kinoteatrlarda namoyish etilmoqda.

Agentlik buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jamilaxon Po`latovaning “Ayol qalbi” kinokartinasi 8-mart Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Kinochilar uyida katta premera qilindi hamda 18 mart kuni ilk bor milliy televizion namoyishlari bo`lib o`tdi.

Mazkur filmda tibbiyot sohasida faoliyat olib borayotgan fidoyi shifokorlarning kasbiy faoliyati va taqdiri haqida hikoya qilinadi.

Yana bir film rejissyor Shohrux Rasulovning “Abdulla Oripov” hujjatli filmi “Xalq yuragi” turkum filmlaridan biri bo`lib, O`zbekiston Qahramoni, O`zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov hayoti va ijodiga bag`ishlanadi. 21 mart adib tavalludining 81 yilligi hamda Navro`z bayrami munosabati bilan telekanallarda namoyish etiladi.  

“Xalq yuragi” turkum filmlari adiblar xiyobonida haykallari o`rnatilgan 24 ta shoir va yozuvchilarning hayoti va ijodi haqida yaratilgan.  

Bayram tuhfasi sifatida taqdim etilayotgan filmlarning televizion premeralari 19 – 24 mart kunlari mamlakatimizning davlat va nodavlat telekanallarida bo`lib o`tadi.

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1