O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev va Rossiya Federasiyasi Prezidenti Vladimir Putin diplomatik munosabatlar o`rnatilganining 30 yilligi munosabati bilan bir-biriga tabrik yo`lladi. Bu haqda Prezident Matbuot xizmati xabar berdi.
" ...Keyingi yillarda birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz bilan biz O`zbekiston-Rossiya hamkorligini misli ko`rilmagan yuksak strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga olib chiqdik hamda xalqlarimiz o`rtasidagi do`stlik rishtalarini yanada mustahkamladik.
Bugun O`zbekiston va Rossiya hamkorligi ochiqlik, o`zaro ishonch va qo`llab-quvvatlash, bir-birining manfaatlarini hurmat qilish tamoyillari asosida faol rivojlanmoqda.
Amaliy hamkorligimizning barcha muhim yo`nalishlarida yaqin va doimiy muloqot qilish imkonini beruvchi noyob, samaradorligini isbotlagan mexanizmlarga asos solindi.
O`zaro savdo rekord ko`rsatkichlarga etdi. Keng ko`lamli sanoat kooperasiyasi loyihalari amalga oshirilmoqda. Gumanitar hamkorlik rivojlanmoqda, sog`liqni saqlash, fan, madaniyat, san`at va ta`lim sohalaridagi aloqalar kengaymoqda.
Biz O`zbekiston va Rossiya o`rtasidagi do`stlik va ko`p qirrali sheriklik munosabatlarini mamlakatlarimiz va xalqlarimiz manfaatlari yo`lida bundan buyon ham izchil rivojlantirish va mustahkamlash niyatidamiz.
Sizga mustahkam sog`lik va davlatchilik faoliyatingizga yangi muvaffaqiyatlar, do`st Rossiya xalqiga esa farovonlik va ravnaq tilayman", – deyiladi Shavkat Mirziyoevning Putinga yo`llagan tabrigida.
O`z navbatida ushbu sana munosabati bilan Rossiya Federasiyasi Prezidenti ham davlatimiz rahbariga noma yo`llagan.
" O`tgan o`n yilliklar mobaynida Rossiya va O`zbekiston tomonidan barcha yo`nalishlarda sermahsul hamkorlik bo`yicha katta tajriba to`plandi, MDH, ShHT va boshqa ko`p tomonlama tuzilmalar doirasida konstruktiv sheriklik, mintaqaviy xavfsizlikka tahdid va xavf-xatarlarga qarshi kurashishda sa`y-harakatlarni muvofiqlashtirish yo`lga qo`yildi.
Rossiya-O`zbekiston strategik sherikligi va ittifoqchiligini bundan buyon ham har tomonlama mustahkamlashimizga ishonaman. Bu, hech shubhasiz, do`st xalqlarimizning manfaatlariga javob beradi, Markaziy Osiyoda tinchlik va barqarorlikni ta`minlash maqsadlariga mosdir.
Sizga, muhtaram Shavkat Miromonovich, mustahkam sog`lik va muvaffaqiyatlar, O`zbekistonning barcha fuqarolariga esa farovonlik va ravnaq tilayman", - deydi Putin.






