AsosiyJamiyat

Navro`zda har bir viloyatda o`ziga hos taomlar tayyorlanadi. Reseptlar bilan tanishing

'Navro`zda har bir viloyatda o`ziga hos taomlar tayyorlanadi. Reseptlar bilan tanishing'ning rasmi

Sharq xalqlarining bayrami sanaluvchi Navro`z o`ziga xos udumlar asosida nishonlanadi. Bu kun tayyorlanadigan taomlar ham o`zgacha bo`lib, har bir viloyatda o`z an`analari, iqlimi asoslangan holda tayyorlanib kelinadi. 

Toshkentcha to`y oshi va ot go`shtidan halim

Poytaxtliklar Navro`zni halim tanovul qilish bilan kutib olishadi desak, mubolag`a bo`lmaydi. Hattoki sumalakka yig`ilganlar ham dasturxonga ustida no`xatlari o`ynab turgan halim va qat-qat xamirli ko`k somsalarni qo`yishadi. Bundan tashqari, deyarli barcha viloyat aholisiga manzur keladigan mashhur to`y oshi ham o`zgacha mehr bilan tayyorlanadi. 

 

Xorazmda bayram tuxumbaraksiz o`tmaydi

Xorazmliklar toshkentliklardan farqli o`laroq ot go`shtidan tayyorlangan taom­larni xush ko`rishmaydi. Navro`z kuni ularning asosiy pishiradigan taomlari tuxumbarak, ismaloqdan gumma va no`xatsiz parhez osh hisoblanadi. Shu bilan birga, bahor kelishi bilanoq uylaridan ko`kbarakning yoqimli ifori anqiydi. Ko`kbarak yarim oy shaklida tugilgan, chuchvaraning kattarog`i desak bo`ladi. 

 

Surxondaryoning antiqa moshbaraklari

Surxondaryoning moshbaraklari haqida hamma ham bilmasa kerak. Navro`z ayyomida ham mehribon onajonlar bolalarga quvvat bo`lishi uchun aynan mana shu taomni ham tayyorlashadi. Suvda pishirib olingan mosh va ziravorlar xamir ichiga solinadi va xuddi baraklar singari tugiladi. So`ngra ularni obdon qizigan yog`da pishirib olishadi. 

 

Qo`qonliklar chalpak ulashadi

Garchi Qo`qonda bunday odat uzoq yillardan buyon bo`lmasa-da, aksariyat qishloqlarda odamlar chalpak pishirishadi. Va bayram oldi o`tgan yo`lovchilarni issiqqina chalpaklar bilan mehmon qilishadi. So`ngra o`choqqa o`t qalashadi-da, oshga unnab ketishadi. 

 

Qashqadaryocha shakarli qatlama va antiqa yorma

Qashqadaryoliklar dasturxoni har qanday bayramda go`shtli taomlarga boy bo`lishi ko`pchilikka ma`lum. Shu bilan birga, boshqa viloyatlarda mavjud ko`k somsa, ko`k chuchvaralar ham mehr bilan tayyorlanadi. Faqat Qashqadaryoga xos bo`lgan “yorma” tao­mini bahorga kiriboq ayollar oila a`zolariga taqdim etishadi. Yorma uni va go`sht uzoq vaqt davomida pishirilgani sabab bu taom nihoyatda yumshoq va mazali chiqadi. Qolaversa, shakarli qatlamalar pishirishda ham qashqadaryoliklarga etadigani yo`q. 

 

Samarqandning mashhur qaymoqli bichaklari

Samarqandda bayram kuni hammaning dasturxonida ikki taom, albatta, bo`ladi. Bu holvaytar hamda qaymoqli bichaklar. Va samarqandliklar “xalisa”, ya`ni “halim” taomiga ham o`zgacha mehr qo`yishgan. Tandirda yopilgan ko`katli, ismaloqli bichaklar ustiga qaymoq surtilib, kelgan mehmonlarga ulashiladi. Navro`z kunida Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar ham takrorlanmas ta`mli bichaklardan tanovul qilib, hayratda qolishadi.

Mohigul DIYoRXO`JAEVA tayyorladi

    Boshqa yangiliklar