Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmatining xabar berishicha, kuni kecha Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti bolalar va o`smirlar o`rtasida sil kasalligini aniqlash va davolashga doir yangi tavsiyalarini e`lon qildi.
Xo`sh, bunga qanday ehtiyoj bor edi?
Gap shundaki, pandemiya davrida sil kasalligiga qarshi kurash jarayoni birmuncha susayib, asosiy kuch va e`tibor COVID-19ni davolashga yo`naltirildi. Qolaversa, koronavirus tuberkulyozni yuqtirishga moyil, immuniteti zaif hamda xastalikka chalinganlar salomatligiga salbiy ta`sir ko`rsatdi.
Masalan, 2000 yildan 2020 yilga qadar tuberkulyozga chalingan 66 million kishining hayoti saqlab qolingan bo`lsa, COVID-19 pandemiyasi bu ijobiy ko`rsatkichlarga birmuncha g`ov bo`ldi.
JSSTning yangi tavsiyalari quyidagilardan iborat:
- diagnostik testlar qamrovini kengaytirish va bu jarayonda kaminvaziv usullarni ko`proq qo`llash zarur;
- bolalar va o`smirlarda sil kasalligini aniqlash uchun dastlabki test sifatida molekulyar ekspress-diagnostikadan foydalanish lozim;
- sil kasalligining dorilarga chidamliligi yuqori bo`lmagan turlari bilan og`rigan bolalar va o`smirlarni davolash muddatini olti oydan to`rt oyga, sil meningiti muolajasi davomiyligini esa 12 oydan olti oyga qisqartirish maqsadga muvofiq;
- silning dori vositalariga chidamli turiga qarshi ikkita yangi preparat (bedakvilin va delamanid) endi barcha yoshdagi bolalarda foydalanish uchun tavsiya etiladi;
- bolalar va o`smirlarga o`z yashash manzillariga yaqin hududda sil kasalligidan davolanish va tibbiy profilaktikadan foydalanish imkoniyatini yaratish lozim.
JSST Jahon silga qarshi kurash kuni munosabati bilan ishlab chiqqan ushbu tavsiyalarni samarali amalga oshirish uchun hukumatlarni etarli miqdorda sarmoya ajratishga chaqirdi.






