Sog`liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati JSST rahbari Tedros Gebreyesus bu haqdagi xulosalarini ma`lum qildi.
Uning ta`kidlashicha, JSST joriy yil ikkinchi yarmiga qadar barcha mamlakatlarda emlash darajasini 70 foizga etkazishni maqsad qilgan.
Ayniqsa, bu jarayonda tibbiyot xodimlari, keksalar va boshqa “xavf guruhi”ga mansub qatlamni qamrab olish ustuvor ahamiyatga ega.
Biroq ayni paytda bu boradagi real vaziyat xavotirli. Negaki, hozirgacha dunyo aholisining bor-yo`g`i uchdan bir qismi COVID-19 infeksiyasiga qarshi to`liq emlangan, xolos.
“Yuqori emlash qamroviga erishmagunimizcha, infeksiyalar ko`payishi va yangi mutasiyalar paydo bo`lishi xavfiga duch kelaveramiz", — deydi T. Gebreyesus.
Aslida, shunday bo`lyapti ham! Osiyoning qator davlatlarida kunlik kasallanish ko`rsatkichlari oshib boryapti. Evropada esa pandemiyaning yangi to`lqini avj olmoqda.
Qolaversa, shu kunlarda ba`zi mamlakatlarda koronavirusdan o`lim holatlari sezilarli darajada o`sayotir. Bu “omikron”ning tarqalish tezligi hamda emlanish darajasi pastligi bilan bog`liq.
Bundan tashqari, yanvar oyidan buyon “yashirin omikron” deya atalayotgan BA.2 mutasiyasi dunyo bo`ylab keng tarqalmoqda. Dastlab Shvesiya, Daniya, Norvegiya, so`ng boshqa Evropa mamlakatlari, ayni paytga kelib esa AQSh va Xitoyda bu variantni yuqtirganlar soni ortib boryapti.
Shunga qaramay, mutaxassislar mavjud vaksinalar ushbu mutasiya turiga qarshi samara berishini ta`kidlashmoqda. Demak, bugungi murakkab epidemiologik vaziyatda eng to`g`ri chora — emlanishdir.






