Kolumbiyada maktab avtobusi 200 metr balandlikdan qulab tushishi oqibatida olti nafar bola halok bo`ldi. Bu haqda aanews xabar bermoqda.
Qayd etilishicha, voqea oqibatida 15 nafar o`quvchi jarohat oldi.
Hodisa San-Andres munisipalitetida sodir bo`lgan. Avtobus Shimoliy Santander departamentidagi Laguna de Ortises qishlog`idan yo`lga chiqqan.
Yaralanganlar, jumladan, haydovchi vertolyotda yaqin atrofdagi shifoxonalarga etkazilgan.
Kolumbiya prezidenti Ivan Duke Markes halok bo`lganlarning oila a`zolariga hamdardlik bildirdi. Davlat rahbari ushbu hodisa yuzasidan tegishli muassasalarga tekshiruv o`tkazish bo`yicha topshiriq bergan.
Avtomobil yo`llari milliy agentligi ma`lumotlariga ko`ra, yil boshidan buyon mamlakatning turli hududlarida sodir bo`lgan yo`l-transport hodisalarida 1136 kishi halok bo`lgan.





