Hozir jahondagi epidemiologik vaziyatni faqat ko`rsatkichlar dinamikasi bilan aniq baholash mushkul. Chunki bir tomondan qarasangiz, pandemiya so`nggi kunlarda birmuncha yumshaganday tuyuladi.
Masalan, o`tgan hafta davomida jahonda koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlar soni 14-20 mart sanalariga nisbatan 14 foizga kamayib, 10,8 million nafarni tashkil etdi. Albatta, bu ijobiy holat.
Ammo ushbu ko`rsatkichlar orqali dunyoda epidemiyaning salbiy ta`siri pasayib bormoqda, deya xulosa chiqara olmaymiz.
Sog`liqni saqlash vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, 21-27 mart oralig`ida COVID-19 tufayli hayotdan ko`z yumganlar soni undan avvalgi haftaga qiyoslaganda 43 foizga oshgan. Ya`ni kasallikdan 45,7 mingdan ortiq kishi vafot etgan.
Ba`zi mutaxassislar fikricha, mazkur holat “omikron”ning er yuzida keng tarqalayotgan yangi VA.2 mutasiyasi avvalgi subvariantga nisbatan birmuncha asoratli ekani bilan bog`liq.
Qolaversa, JSSTning fikricha, bu raqamlar Chili, AQSh, Hindiston va Janubi-Sharqiy Osiyo mintaqasi davlatlarida o`lim ko`rsatkichlarini aniqlash va qayd etish mezonlariga o`zgartirish kiritilgani bilan bog`liq bo`lishi ham mumkin.
O`tgan haftada koronavirusni yuqtirish bilan bog`liq sezilarli pasayish tendensiyasi barcha mintaqalarda kuzatilgan. Misol uchun, Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasi mamlakatlarida 32, Afrikada 29 va G`arbiy Tinch okeani mintaqasi davlatlarida kasallanish 24 foiz kamaydi. Evropada bu ko`rsatkich 4 foizni tashkil etdi.
O`lim holatlari Janubiy va Shimoliy Amerikada 182, Janubi-Sharqiy Osiyoda esa 116 foizga oshgan. Qolgan mintaqalarda buning aksi qayd etildi. Jumladan, mazkur infeksiyadan o`limlar miqdori Afrikada 30, Sharqiy O`rta er dengizi mintaqasida 22 hamda Evropada 17 foiz pasaygan.
O`tgan haftada koronavirus tashxisi qo`yilgan eng ko`p bemor Koreya Respublikasida ro`yxatga olingan — 2,4 million nafar. Ikkinchi o`rinni 1,5 milliondan ziyod ko`rsatkich bilan Germaniya band etdi.
Vetnam esa uchinchi o`rinda — mamlakatda 1,1 milliondan ortiq odam koronavirusni yuqtirgan. To`rtinchi o`rinni 846 mingga yaqin holat bilan Fransiya, beshinchi pog`onani esa 503 mingdan ortiq bemor bilan Italiya egalladi.
Jahonda COVID-19dan o`lim ko`rsatkichlarining katta qismi Chilida qayd etildi — qariyb 12 ming nafar. Ikkinchi o`rinda — AQSh. Mamlakatda hafta davomida 5,3 mingdan ziyod bemor xastalikdan vafot etdi. Hindistonda esa bu ko`rsatkich 4,5 ming nafarni tashkil etdi.
Shu bilan birga, Rossiyada 2,8 ming nafardan ortiq hamda Koreya Respublikasida 2,5 ming nafarga yaqin bemor koronavirus qurboniga aylandi.






