25 yoshli hindistonlik Manita Singx ismli ayol kutilmaganda 5 farzandni dunyoga keltirdi. Homiladorlikning 26 haftasida uni to`lg`oq tutib, kasalxonasiga olib borilganda, yarim soat mobaynida 5 qizaloqni dunyoga keltirgan.
Manita tug`ruqqa qadar biror tibbiy tekshiruvdan o`tmaganligi bois, 5 qizaloqning dunyoga kelishi tibbiyot xodimlariga ham, uning o`ziga ham kutilmagan sovg`a bo`ldi. Har bir chaqaloqning og`irligi 1,200 kilogramm. Hozircha bolalar yangi tug`ilgan chaqaloqlar uchun tayyorlangan maxsus intensiv palatada saqlanmoqda. Manitaning yaqinlari uning 5 farzand dunyoga keltirganini taqdirning in`omi deb qabul qilishdi. Chunki Manita bundan 1 yil ilgari o`g`il farzandni dunyoga keltirgan, ammo bola tug`ilgach vafot etgan.
Shifokorlar tabiiy yo`l bilan 5 bolaning dunyoga kelishi 60 milliondan bittaga to`g`ri kelishini, besh nafar bir jinsli bolaning tug`ilishi ham kamdan-kam uchraydigan hol ekanligini ma`lum qilishgan.