Qozog`iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqaev 16 mart kuni Qozog`iston xalqiga murojaatida taqdim etgan siyosiy va iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish bo`yicha umummilliy tadbirlar rejasini tasdiqladi. Bu haqda davlat rahbarining matbuot xizmatiga tayanib, O`zA ma`lum qilmoqda.
"Yangi Qozog`iston: yangilanish va modernizasiyalanishga yo`l", deb nomlangan umummilliy tadbirlar rejasini Qozog`iston Respublikasi hukumati o`z vaqtida va og`ishmay ta`minlaydi.
Shuningdek, davlat rahbari tomonidan Qozog`iston xalqiga yo`llangan murojaatning har bir qismi bo`yicha tizimli axborot-tushuntirish ishlari olib boriladi", – deyiladi Prezident farmonida.
Umummilliy tadbirlar rejasi konstitusiya qonunlariga va Prezident vakolati masalasi bo`yicha qonunlarga o`zgartirish kiritishni, parlamentning ikkala palatasi, mahalliy vakillik tashkilotlari, joylardagi rahbarlar, partiya tuzilmalarini shakllantirish tartiblari va vazifalarini belgilab beradigan siyosiy islohotlarni nazarda tutadi.
Bundan tashqari, yangi uchta viloyatni tashkil etishni ko`zda tutuvchi mamlakatning ma`muriy-hududiy tuzilmasi o`zgaradi. 16 mart kuni Toqaev mamlakat xalqiga "Yangi Qozog`iston: yangilanish va modernizasiyalanishga yo`l" deb nomlangan murojaatini yo`llagan edi. Prezident ushbu murojaatida Qozog`istonni rivojlantirishning siyosiy modelini yaratish bo`yicha rejasini taqdim etgandi. Davlat rahbarining ta`kidlashicha, bu erda gap boshqaruvning superprezidentlik shaklidan kuchli parlamentga ega bo`lgan prezidentlik respublikasiga o`tish haqida bormoqda.






