O`zbekiston Milliy Olimpiya qo`mitasining Atletlar komissiyasi tashkil etilib, uning tarkibi shakllantirildi. Qo`mita buni o`zbek sporti tarixida muhim voqelik, deya baholamoqda.
Mazkur tadbirda ishtirok etish uchun mamlakatimizning ko`zga ko`ringan sportchilari Qo`mita majlislar zalida jam bo`lishdi.
“Komissiya faoliyatini sifatli va samarali yo`lga qo`yish uchun bizni juda ko`p mas`uliyatli ishlar kutmoqda. Ushbu qaror Olimpiya harakati doirasida bir qator muhim yo`nalish va loyihalarni amalga oshirishda katta ahamiyat kasb etadi. Shuni alohida ta`kidlash joizki, Olimpiya harakatining har bir qarorida sportchilarning fikr va manfaatlarini ifodalash uchun Komissiya vakilining pozisiyasi o`z ahamiyatiga ega. Biz o`zaro birlashib, mavjud qiyinchiliklarni engib o`tishga, ko`zlangan maqsadlarga erishishimizga ishonamiz”, - dedi MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov.
Atletlar komissiyasi a`zolari Xalqaro Olimpiya qo`mitasi talablari asosida tegishli sport federasiyalari tomonidan tavsiya etilgan 12 nafar sportchi orasidan ovoz berish yo`li bilan saralab olindi. Anonim tarzda o`tgan saylash jarayoni yakunida quyidagi sportchilar Atletlar komissiyasi tarkibiga a`zo bo`lishdi: Oksana Chusovitina (sport gimnastikasi), Rishod Sobirov (dzyudo), Dmitriy Shokin (taekvondo), Bekzod Abdurahmonov (erkin kurash), Zaynab Dayibekova (qilichbozlik), Svetlana Radzivil (engil atletika) va Komiljon To`xtaev (tog` chang`isi).
Tarkib aniqlab olingach Komissiya a`zolari dastlabki yig`ilishni o`tkazib, o`zaro kelishgan holda Komissiyaga rahbar va o`rinbosarlar tarkibini shakllantirib olishdi. Unga ko`ra, Dmitriy Shokin Atletlar komissiyasi raisi, Oksana Chusovitina hamda Bekzod Abdurahmonov uning o`rinbosarlari bo`ldilar.
Atletlar komissiyasi a`zolari MOQ Bosh assambleyasi va Ijroiya qo`mitasi tarkibiga kirib, muhim jarayonlarda o`z fikrlarini bildirish, saylovlarda ovoz berish huquqiga ega bo`ladilar. Bu borada Zaynab Dayibekovani MOQ Ijroiya qo`mitasiga, Svetlana Radzivil hamda Komiljon To`xtaev nomzodlarini esa Bosh Assambleyaga ko`rsatish bo`yicha taqdimnoma Qo`mita rahbariyatiga kiritildi.
Qayd etish joiz, Atletlar komissiyasi sportchilarimizning xalqaro maydondagi huquq va manfaatlarini himoya qilish barobarida mamlakatimizda Olimpizm harakatini yanada targ`ib qilish yo`lida faoliyat olib boradi.






