Turkiyaning Bursa shahrida Xalqaro Turk madaniyati tashkiloti(TURKSOY)ga a`zo mamlakatlar madaniyat vazirlari Doimiy Kengashining nabatdan tashqari majlisi bo`lib o`tdi. Majlisda o`tgan davr mobaynida tashkilot faoliyatiga baho berildi.
Qayd etilishicha, unda tashkilotning yangi bosh kotibi ham saylandi. Bu lavozimga Qirg`iziston vakili Sultanbay Raev munosib ko`rildi. Qirg`iziston Davlat universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan Sultanbay Raev davlat boshqaruvida katta tajribaga ega bo`lib, 2013-2014 yillarda Qirg`iziston madaniyat, axborrot va turizm vaziri lavozimida ishlagan. 2020 yildan tashkilot Bosh kotibi o`rinbosari lavozimida ishlab kelmoqda.
Tadbirda Kavkaz durdonasi bo`lmish Shusha tarixi, madaniyati, ayni damda amalga oshirilayotgan qayta tiklash va bunyodkorlik ishlari haqida atroflicha ma`lumot berildi va shahar taqdimoti o`tkazildi.
Bir ovozdan Ozarbayjonning Shusha shahri 2023 yil turk dunyosi madaniyat poytaxti deya e`lon qilindi.
Majlis yakuniy hujjati imzolandi. Turkiya madaniyat va turizm vaziri Mexmet Nuri Ersoy, tashkilot sobiq bosh kotibi Dyusen Kaseinov, yangi bosh kotib Sultanbay Raev hamda tashkilotga a`zo mamlakatlar madaniyat vazirlari ishtirokida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Tadbirda Shimoliy Kipr turk Respublikasi bosh vazirining o`rinbosari, turizm, madaniyat, yoshlar va atrof muhitni muxofaza qilish vaziri Fikri Ataoglu ham ishtirok etdi.






