AsosiySport

Shomurodov: "Rossiyaga ketayotganimda pulni o`ylamaganman"

'Shomurodov: "Rossiyaga ketayotganimda pulni o`ylamaganman"'ning rasmi

Rossiyaning «Sport-Ekspress» nashrida «Roma» hujumchisi Eldor Shomurodov haqida maqola e`lon qilindi. Unda futbolchi RPLdan Evropa top-5 ligalariga o`tish mashaqqati haqida gapirdi. Bu haqda Tribuna.uz xabar bermoqda. 

 — Rossiyalik futbolchilar RPLdan ketishni xohlashmaydi. Sen esa ushbu ligadan chiqib, dunyoning eng mashhur klublaridan birida o`ynayapsan. Nima deb o`ylaysan, senda rossiyaliklardan ko`proq ambisiyalar bormi?

 — Balki ular tavakkal qilishni xohlamas. «Jenoa»ga ko`chib o`tish men uchun juda ham katta tavakkal edi. Yangi, kuchliroq chempionat, maydonga tushamanmi yoki yo`q — buni bilmasdim. Lekin bolaligimdan kuchli beshlik chempionatlarida o`ynashni orzu qilardim. 

 — Bu masalada «Rostov»dagi do`stlaring bilan gaplashib ko`rganmisan? 

 — «Roma»ga ko`chib o`tganimdan so`ng, Parshivlyuk bilan gaplashdim. U meni qo`llab-quvvatladi va to`g`ri yo`lni tanlaganimni, bu juda ko`plab yosh futbolchilar uchun yaxshi o`rnak bo`lishini aytdi. Menimcha, Rossiyadagi juda ko`p futbolchilarda A Seriyada o`ynab keta olish uchun iqtidor etarli. Shunchaki Italiyada futbolga butunlay boshqacha ko`z bilan qarashadi. Ko`proq yuklamalar beriladi. Faqat mashg`ulotlar haqida o`ylash, boshqa narsalarga chalg`imaslik kerak. 

 — «Rostov»dagi birinchi shartnomangda oyiga 10 ming AQSh dollari toparding. Ammo o`sha vaqtdayoq Saudiya Arabistoni, Xitoy yoki Qatarda senga 10 baravar ko`proq pul to`lashga tayyor jamoalar bor edi. Nega sen Rossiya yo`lini tanlading? 

 — Rossiyaga ketayotganimda pulni o`ylamaganman. Boshida shunchaki o`zimni ko`rsatmoqchi edim. «Rostov»dagi yillar menga ko`p narsa berdi. O`rganganlarim ichida eng muhimi bu — professionalizm. Ushbu jihat Rossiyadaligimda menda kundan kun o`sib bordi. 

 — Rus futbolchilari orasida kimni eng yaxshi do`sting, deb bilasan?

 — Barchasi bilan yaxshi munosabatda bo`lganman. «Rostov»dagi barcha yigitlar ajoyib edi. Parshivlyuk, Pesyakov, Bayramyan va Zaynutdinov bilan esa hammalaridan ko`proq gaplashardim. Ular bilan haligacha aloqadaman. 
Kalachev va Gaskan jamoa etakchilari edi. Ular g`alaba qozonishni yaxshi ko`rishardi, keskin gapirishardi va doim yordam berishgan. Lekin «Rostov», eng avvalo, jamoa sifatida kuchli edi», — deya Eldorning so`zlarini keltirmoqda «Sport-Ekspress».

    Boshqa yangiliklar