2012 yildan boshlab Xalqaro turkiy madaniy tashkiloti TURKSOY tomonidan har yili a`zo davlatlarning mashhur va tarixiy shaharlarini «Turkiy dunyo madaniyati poytaxti» deb e`lon qiladi. 2021 yilning sentyabr oyida Xiva shahrida bo`lib o`tgan TÜRKSOY doimiy kengashining 38-majlisida Turkiyaning Bursa shahri “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” sifatida ma`qullandi.
Yaqinda Bursa shahrining “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” taqdimoti bo`lib o`tdi. Erta tongda Usmon G`oziy maqbarasi yonida boshlangan tadbirda shahar jamoatchiligi, TYuRKSOYga a`zo davlatlar madaniyat vazirlari, Bursa shaxar munisipalitet raisi va boshqa rasmiylar, OAV vakillari, jumladan O`zbekiston,Qozog`iston, Qirg`iziston va Ozarbayjondan kelgan jurnalistlar ishtirok etdi.
“Sultonlar shahri” bo`lmish Bursada ko`plab turk sultonlarining qabri va 23ta muzey bor. Shulardan biriAmir Sulton maqbarasi va masjidi.
Bursaga borgan har bir sayyoh albatta Amir Sulton maqbarasini ziyorat qilishi va maqbara yonidagimasjidni ko`rishi kerak. Kelib chiqishi buxorolik bo`lgan Amir Sultonning haqiqiy ismi Shamsiddin Muhammad Ali Al-Hussayn al-Beruniy. Uning otasi Sayyid Ali Buxoroning mashhur mutasavviflaridan bo`lib, sayyid bo`lgani uchun unga “amir” unvoni berilgan. Taxminlarga ko`ra, Amir Sulton 770 (1368-69) yillarda tug`ilgan. Uning bolalik yillari haqida ma`lumot yo`q bo`lsa-da, yaxshi ta`lim olgan deyish mumkin. U sayyid bo`lib, nasl-nasabi Hazrat Husaynga asoslangan. Ko`plab kitoblarga ko`ra, nasabi ettinchi avlodda o`n ikkinchi imom Muhammad al-Mahdiy al-Muntazarga etib boradi. Biroq qarindosh ekanini aytgan amir Hasan Nuriy boshqacha fikrni aytadi. Uning yozishicha, amir Sulton ettinchi Imom Muso al-Kozimning o`g`li Ibrohimdan kelib chiqqan.
U Buxoroda tug`ilgani uchun Muhammad Buxoriy, Sayyid bo`lgani uchun “Amir Buxoriy”, Yildirim Boyazidxonning kuyovi bo`lganidan keyin “Amir Sulton” deb atalgan.
Shamsiddin o`n etti-o`n sakkiz yoshida otasi vafot etadi, shundan so`ng kulolchilik bilan shug`ullanadi.Keyinchalik Buxorodan hajga yo`l oladi. Turli fanlarda o`z so`ziga ega bo`lgan Amir Sulton din amrlarini ado etgan kamdan-kam odamlardan edi. Ilm manbai bo`lgan Buxoroda ulg`aygan amir Sulton ilm o`rganish uchun Makka va Madinaga boradi. Hajni ado etgandan keyin Madinaga joylashish niyatida edi. Biroq u erda ko`rgan tushi bilan fikridan qaytdi va Bursaga joylashdi. Uning Bursaga Yildirim Boyazid davrida kelgani ma`lum bo`lsa-da, aniq sanasi aniq emas.
Tarixchi Ali Nig`bolu Shamsiddin Muhammadning nikohi haqida yozar ekan, Yildirim Boyazid bu vaqtda Valaxiya yurishida bo`lganini aytishadi. Demak u Bursaga 1394 yildan oldin kelgan bo`lishi kerak. Bursada qisqa vaqt ichida shon-shuhrat qozongan Shamsiddin Muhammed asta-sekin shaharning eng hurmatli shaxslaridan biriga aylandi. U amir Sulton yoki amir Sayid nomi bilan mashhur bo`lib, ulamolar, shayxlar orasida hurmatga sazovor bo`la boshladi. Rivoyatlardan ma`lum bo`lishicha, shahardagi mashhur ulamolar uni zohir ilmlari sohasida sinovdan o`tkazmoqchi bo`lganlar. Ammo bir muddat uning ruhiy qudrati oldida lol qolishgan.
Amir Sultonning sulton Yildirim Boyazidning qizi Hundi Xotun bilan nikohi manbalarda turlicha tasvirlangan.U Bursa xalqining, ayniqsa Sulton Yildirim Boyazidning mehrini qozondi. Amir Sultonni juda yaxshi ko`rgan Sulton Boyazidxon ana shu muhabbat belgisi sifatida qizini unga nikohlab berdi. Bu nikohdan bolalar tug`ildi. O`z davrining eng oliy qo`riqchisi bo`lgan amir Sulton “Mo`jizalar sultoni” deb ham atalgan. O`z zamonasidagi Usmonli sultonlari uni hurmat qilar, safarga chiqqanlarida huzurlariga kelib, muborak duosini olardilar. Amir Sulton butun umri davomida din va yurt uchun urushlarga da`vat etdi. U o`z shogirdlariga bu narsalarning muqaddasligi haqida doimo aytib berardi.
Tarixiy manbalardan ma`lum bo`lishicha, Amir Sulton qancha urinmasin, Amir Temur va Yildirim Boyazid o`rtasidagi to`qnashuvining oldini ololmadi. Ikki musulmon-turk qo`shinining o`zaro jang qilishini istamagan amir Sulton oqibati qanday bo`lishini juda yaxshi bilardi. Anqara urushini boshlashga juda oz fursat qolar ekan, xotini Hundi Xotunning iltimosi bilan qaynotasining oldiga bordi. U Sulton Boyazid bilan uchrashgan bo`lsa-da, uni urush borasidagi qaroridan qaytara olmadi. Amir Sulton turk sultoni Yildirim Boyazidning Temur yuborgan elchilarni o`ldirishiga to`sqinlik qildi. Amir Sulton ogohlantirganidek, urush Yildirim Boyazid mag`lubiyati bilan tugadi. Anqara urushidan so`ng Bursa Amir Temur tomonidan egallanganida Amir Sulton bobomiz Amir Temur huzuriga olib ketildi.
Sultonning kuyovi bo`lishlariga qaramay Amir Sulton hazratlari doimo qamish to`shakda o`tirardilar.Amir Sultonning aniq vafot etgan sanasi ma`lum emas. Manbalar uning Bursada 833 (milodiy 1430) yili vabo epidemiyasida vafot etganini yozish bilan kifoyalanadi.Qabri Bursadagi uning nomi bilan atalgan masjid yonida joylashgan. Qabrini ziyorat qilganlar uning muborak ruhidan ilhom oladilar. Usmonli sultonlari Amir Sulton vafotidan keyin ham unga hurmat ko`rsatishni davom ettirganlar. Ular har gal Bursaga kelganlarida, albatta Amir Sulton qabrini ziyorat qilardilar.
Amir Sulton hayotligida Bursadan uzoqroq joylarda yashovchi darveshlar yiliga bir marta kelib duo olib ketishardi. Bu tashriflar uning vafotidan keyin ham an`anaga aylanib, asrlar maboynida davom etgan. Bursaliklar ne`mat deb bilgan bu an`ana XX asrgacha davom etgani aytiladi. Ammo Ramazon va Qurbon Hayiti bayramlarining ikkinchi kunlarida Eshrefiy shayx va darveshlarining Amir Sulton qabrini ziyorat qilish an`anasi XX asrda saqlanib qolingan.
Amir Sulton qabri yonida 14 asrda ilk masjid qurildi. Ammo yong`inlar, urushlar, hamda 1766, 1795 va 1855 yilgi zilzilalar tufayli ilk masjid binosi vayron bo`ldi. Ayni damda 1868 yilda bunyod etilgan masjid saqlanib qolingan. Maqbarada Amir Sulton, rafiqasi, ikki qizi va o`g`li dafn qilingan.
Sharofiddin To`laganov