AsosiySport

Ro`ziqul Berdiev: "Ertaga yigitlar ijobiy natijani qo`lga kiritish uchun bor mahoratlarini ko`rsatishadi"

'Ro`ziqul Berdiev: "Ertaga yigitlar ijobiy natijani qo`lga kiritish uchun bor mahoratlarini ko`rsatishadi"'ning rasmi

Ertaga "Nasaf" klubi Osiyo Chempionlar ligasi guruh bosqichining 1-turida  “Al Sadd” jamoasiga qarshi maydonga tushadi. Mazkur bahs oldidan har ikki jamoa bosh murabbiylari o`rtasida matbuot anjumani bo`lib o`tdi. Unda "Nasaf" bosh murabbiyi Ro`ziqul Berdiev hamda yarim himoyachimiz Sharof Muhitdinov ishtirok etishdi. Bu haqda klub matbuot xizmati ma`lum qildi

Ro`ziqul Berdiev: Ramazon oyi barchaga muborak bo`lsin. OChL bu eng kuchlilar o`ynaydigan musobaqa. Ertangi raqibimiz nafaqat guruhdagi balki turnirning favorit jamoalaridan biri hisoblanadi. Ertaga bizni oson bo`lmagan o`yin kutib turibdi. Biz bu bellashuvga yigitlar bilan yaxshi tayyorgarlik olib bordik. O`ylaymanki, yigitlar ertangi bahsda ijobiy natijani qo`lga kiritish uchun bor mahoratlarini ko`rsatishadi“.

Sharof Muhitdinov: “Ertangi bellashuv juda qiziqarli bo`ladi deb umid qilaman. Chunki ertangi raqibimizni butun Osiyo yaxshi biladi. Biz ham ularga qarshi yaxshi tayyorgarlik ko`rdik. Raqibga hurmat saqlagan holda ertaga yaxshi natija qayd etib, muxlislarimizni xursand qilamiz degan umiddaman“.

- “Nasaf” 2011 yil OFK Kubogini, “Al Sadd” esa OChL Kubogini qo`lga kiritgan. OChL bellashuvlari umuman boshqa yondashuvni talab qiladi. Bu haqida nima deya olasiz?

Ro`ziqul Berdiev: “O`n yildan oshiq vaqt o`tdi. Ko`p narsa o`zgardi. Biz OChL musobaqasi darajasini yaxshi bilamiz. Bu erda oson o`yinlar bo`lmaydi. O`tgan mavsumda biz OFK Kubogi musobaqasida qatnashgandik. Shuni aniq aytamanki OChL turnirining darajasi ancha yuqori va OFK Kubogidan keskin farq qiladi“.

- OChL guruh bosqichi o`yinlari markazlashgan holatda bo`lib o`tmoqda. Guruh bosqichining uchta bellashuvi 7 kun ichida bo`lib o`tadi. Bu o`yinlar sifatiga o`z ta`sirini o`tkazmaydimi?  

Ro`ziqul Berdiev: “Pandemiya tufayli biz bunga majbur bo`ldik. O`ylaymanki bu to`g`ri qaror. Albatta buning qiyinchiligi bor. Ikki hafta ichida oltita rasmiy o`yin o`tkazish futbolchilarga qiyinchilik tug`diradi. Biz bunga tayyorgarlik ko`rganmiz. O`ylaymanki, keyinchalik hammasi o`z holiga qaytib, o`yinlar uy-safar tizimida olib boriladi. Biz ham OChL o`yinlarini o`z uyimizda, muxlislarimiz yonida o`tkazishni juda ham xohlaymiz“.

Siz o`tgan mavsumda ham OChL guruh bosqichida ishtirok etgansiz. Guruh bosqichi o`tgan mavsumda ham markazlashgan holda o`tkazilgan edi va bu Ramazon oyiga to`g`ri kelgandi. Sizga o`tgan mavsumda orttirgan tajribangizni foydasi tegdimi?

Sharof Muhitdinov: “O`tgan mavsumda ham xuddi hozirgiday bellashuvlar Ramazon vaqtiga to`g`ri kelgandi. Biz ro`za tutib futbol o`ynaganmiz. Buning ozroq qiyinchiligi bor“.

    Boshqa yangiliklar