AsosiyJamiyat

Tojikistondan olib kirilgan qariyb 1,5 kg. giyohvand moddani Namanganga etkazib berayotgan samarqandlik ayollar qo`lga olindi

'Tojikistondan olib kirilgan qariyb 1,5 kg. giyohvand moddani Namanganga etkazib berayotgan samarqandlik ayollar qo`lga olindi'ning rasmi

DXX Namangan, Toshkent va Sirdaryoda giyohvandlik vositalari savdosiga qarshi tezkor tadbirlar o`tkazdi. Bu haqda "darakchi.uz"ga DXX Matbuot xizmati xabar berdi. 

Davlat xavfsizlik xizmatining Namangan viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar hamda bojxona boshqarmalari bilan hamkorlikda o`tkazilgan tezkor tadbirda, “Samarqand-Namangan” yo`nalishida harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina Chust tumani hududida to`xtatilib tekshirildi.

Natijada, unda yo`lovchi sifatida ketayotgan, Samarqand shahrida yashovchi, 1968 va 1991 yillarda tug`ilgan 2 fuqaroning yonida 1 kg 470 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, prosessual tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Uchinchi shaxslar tomonidan Tojikiston Respublikasidan mamlakatimiz hududiga o`tkazilgan ushbu narkotiklarni Namangan shahriga olib borib berishlari evaziga, mazkur 2 fuqaroning har biriga 1 mln. so`mdan pul berilishi va`da qilingan.

Boshqa bir holatda esa Namangan shahrida yashovchi, 1978 y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxs boshqaruvidagi “Lada” rusumli avtomashina viloyat markazida to`xtatilib tekshirilganda, uning salonida 931 gr. “gashish” moddasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirib olindi. 

Shuningdek, u qirg`izistonlik narkokur`er tomonidan mamlakatimiz hududiga o`tkazilgan mazkur ajal og`usini Yangiqo`rg`on tumanida istiqomat qiluvchi, 1974 y.t., muqaddam giyohvand moddalar savdosi bilan bog`liq jinoyat sodir etganligi uchun sudlangan shaxsdan olganligi aniqlandi hamda u ham ushlandi.

Namangan shahridagi avtoturargohlardan birida 1984 y.t. mahalliy fuqaro 1.568 dona “Regapen” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 1600 AQSh dollariga sotayotgan vaqtida qo`lga olindi. 

Xizmat xodimlari tomonidan bojxona organlari xodimlari bilan hamkorlikda mamlakatimiz poytaxtida ham bir nechta tezkor tadbirlar o`tkazildi.

Xususan, Surxondaryo viloyatida yashovchi, 1989 va 1992 yillarda tug`ilgan 2 fuqaro 496 gr. “gashish” moddasini kelgusida sotish maqsadida Toshkent shahriga olib kelgan vaqtlarida Chilonzor tumanida ushlandi.

Yashnobod tumanida o`tkazilgan tezkor tadbirda 1991 y.t. fuqaro 1680 dona “Regapen” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 30 mln. so`mga, Bektemir tumanida qayd etilgan holatda esa 1991 y.t., muqaddam sudlangan shaxs 133 dona “Regapen” va 43 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalarini 12 mln. so`mga sotayotgan vaqtlarida qo`lga olindi.

Bu yo`nalishda DXX Sirdaryo viloyati bo`yicha boshqarmasi xodimlari ham viloyat IIB bilan hamkorlikda tezkor tadbir o`tkazdi.

Xususan, “Farg`ona-Sirdaryo” yo`nalishida harakatlanib kelayotgan, Guliston shahrida yashovchi, 1991 y.t. shaxs boshqaruvidagi “Jentra” rusumli avtomashina “Sayxunobod” YPX maskanida to`xtatilib tekshirilganda, unda 242 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositasi hamda mamlakatimizda muomalasi cheklangan narkotik moddalar turkumiga kiruvchi 78 dona “Tramadol” dori vositasi borligi aniqlanib, tegishli tartibda rasmiylashtirilib olindi. 

Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, avtomashinada yo`lovchi sifatida ketayotgan, 1992 y.t., muqaddam sudlangan shaxsning Guliston shahridagi yashash manzilidan 406 dona “Regapen” va 56 dona “Tropikamid” kuchli ta`sir qiluvchi dori vositalari olindi.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo`zg`atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

    Boshqa yangiliklar