Hukumat qarori (172-son, 12.04.2022 y.) bilan Yo`l harakati qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar bermoqda.
Qarorga ko`ra, aholi punktlarida transportlarning tezligini soatiga 70 kilometrdan, maktab va bog`chalar atrofidagi yo`llarda 300 metrgacha masofada 30 kilometrdan, turar joy dahalari va yondosh hududlarda (uy-joy binolari orasidagi er uchastkasida) esa soatiga 20 kilometrdan oshirmasdan harakatlanishga ruxsat etiladi.
Bunda Prezidentning tegishli qarori bilan tashkil etilgan Yo`l harakati xavfsizligini ta`minlash sohasidagi respublika komissiyasi qarori asosida Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlaridagi yo`l harakati qatnovi yuqori bo`lgan va aholi gavjum hududlarda transport harakatlanishining yuqori tezligi soatiga 60 kilometr etib belgilanishi mumkin.
Engil avtomobillarda yuk tashishga ularning tom qismiga o`rnatilgan yukxonadagi yukning balandligi 1 metrdan (maxsus moslamalar bilan mustahkamlangan holda velosipedlarni tashish bundan mustasno) va uzunligi avtomobilning gabaritidan 0,5 metrdan oshmagan taqdirda yo`l qo`yiladi.
Yuk avtomobillari, Yo`l harakati qoidalarida belgilangan ayrim istisnolardan tashqari barcha holatlarda, yo`lning faqat o`ng qatnov qismidan harakatlanishi shart.
Transport vositalarining qayrilib olish joylarida va unga 30 metr etmasdan yoki o`tib to`xtash taqiqlanadi.
Sutkaning qorong`i vaqtida va etarlicha ko`rinmaydigan sharoitda velosiped yo`lkasi bo`lmagan holda yo`lning qatnov qismida harakatlanayotgan velosipedchilar nur qaytargichli kamzulda yoki nur kaytaruvchi elementlar bo`lgan ustki kiyimda bo`lishi shart.
Bunda ushbu nur qaytaruvchi elementlar boshqa haydovchilarga ko`rinadigan bo`lishi kerak.
Shuningdek, aholi hamda haydovchilar o`rtasida 7 yoshgacha bolalarni maxsus bolalar o`rindig`ida, 7 yoshdan 12 yoshgacha bolalarni maxsus ushlab turuvchi moslamali xavfsizlik kamarini taqqan holda tashish, transportning orqa o`rindig`idagi yo`lovchilar ham xavfsizlik kamarini taqib olishlari bo`yicha manzilli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Yangi tahrirdagi Yo`l harakati qoidalari 2022 yil 1 maydan amalga kiritiladi.






