AsosiyJamiyat

O`zbekistondagi umumiy ovqatlanish sohasi takomillashtirishga muhtoj — Adliya vazirligi

'O`zbekistondagi umumiy ovqatlanish sohasi takomillashtirishga muhtoj — Adliya vazirligi'ning rasmi

Adliya vazirligi tomonidan tadbirkorlarning umumiy ovqatlanish sohasidagi faoliyati tahlil qilindi. Bu haqda "darakchi.uz"ga Vazirlik matbuot xizmati ma`lumot taqdim etdi. 

O`rganish davomida davlat idoralarining statistik va boshqa ma`lumotlari va 2,1 mingdan ortiq umumiy ovqatlanish korxonalari vakillari o`rtasida o`tkazilgan so`rovlar natijalari tahlil qilindi. Tahlil natijasida sohaga oid bir qator muammolar aniqlandi.

Birinchidan, sohanitartibga soluvchi qonunchilik hajjatlari va qoidalar eskirgan, biznes yuritish amaliyotiga mos kelmaydi. Masalan, restoran tozalash, ta`mirlash va shu kabilar ishlar uchun yopilishidan bir hafta oldin bu haqda e`lonni osib qo`yishi kerak. Buni bajarmasa 2 mln. so`m jarimaga tortiladi.

Shuningdek, umumiy ovqatlanish xizmatiga oid sanitariya norma va qoidalari (SanPiN 0309-14-son) ham zamon talablariga mos kelmaydi, buning natijasida qoidalarning 20 tasiga rioya etish imkonsiz bo`lib qolgan.

Jumladan, taomlarni ko`mir, o`tin, qattiq yoqilg`ida ishlaydigan plitalarda pishirish mumkin emas (qish mavsumlarida gaz ta`minoti cheklanganda mazkur talabga rioya qilib bo`lmaydi).

Yana bir misol, taxminan 12 turdagi mahsulotlar uchun alohida-alohida pichoqlar mavjud bo`lishi lozim (amalda aksariyat umumiy ovqatlanish korxonalarida har bir mahsulot uchun alohida pichoq ishlatilmaydi).

Ikkinchidan, soliq yuki va murakkab soliq ma`muriyatchiligi. Umumiy ovqatlanish korxonalari 7-9 turdagi soliqlarni to`laydi. Jumladan, aylanmadan olinadigan soliq (tovar aylanmasi 1 mlrd. so`mgacha), qo`shilgan qiymat solig`i, foyda solig`i, ijtimoiy soliq, daromad solig`i (soliq agentli sifatida), mol-mulk solig`i, er solig`i, suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq, alkogolli mahsulotlarni sotish huquqi uchun undiriladigan yig`im (alkogolli ichimliklar sotilsa).

Soliq yukining yuqoriligi umumiy ovqatlanish korxonalarining 61 foizini soliqdan qochishga undamoqda.

Shuningdek, ko`p soliqlar to`lash o`z-o`zidan ular bilan bog`liq soliq ma`muriyatchiligini ham murakkablashtirmoqda: korxona 6 xil vaqtda soliqlarni to`lashi va 5 xil vaqtda soliq hisobotlarini taqdim etishi lozim. Shu sababli, umumiy ovqatlanish xizmatlari faoliyatini boshlashda respondentlarning deyarli 1/3 qismi soliq qonunchiligini tushunib olishda qiynalishgan.

Mazkur omillar esa, o`z navbatida sohadagi yashirin iqtisodiyotning ulushi yuqori (30-40 foiz) bo`lishiga olib kelmoqda.

Uchinchidan, tekshirish o`tkazish holatlari juda ko`p. Umumiy ovqatlanish korxonalarini 10 dan ortiq davlat idoralari (soliq, yong`in nazorati, sanitariya nazorati, mehnat, ichki ishlar organlari, kommunal xizmatlarni ko`rsatuvchi korxonalar va b.) doimiy bezovta qiladi.

Ularni eng ko`p tekshiruvchi 3 ta idoralar (soliq, yong`in nazorati, sanitariya nazorati) tomonidan 2020-2021 yillarda 8 mingga yaqin tekshirish o`tkazilgan. Ya`ni, har yili o`rtacha 14,5 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari tekshirilgan.

Biroq, so`rovda ishtirok etgan korxonalar vakillari boshqa fikrni bildirishdi, ya`ni 2,1 ming respondent har oyda deyarli 5,5 mingta tekshirish o`tkazilganligini ta`kidlashdi. Demak, ularning faoliyatini noqonuniy tekshirish holatlari ko`p.

Sohadagi tadbirkorlar ularning faoliyatini eng ko`p tekshirish soliq organlari tomonidan amalga oshirilganligini, keyingi o`rinlarda sanitariya va yong`in nazorati organlari, ichki ishlar organlari (asosan, tunda faoliyat yuritishni to`xtatish yuzasidan) ekanligini bildirishdi.

To`rtinchidan, tekshirishlardagi korrupsiya holatlari. Faoliyatga oid qonun-qoidalar murakkab va tekshiruvchilar ko`p bo`lishi korrupsiyaga yo`l ochib bermoqda.

Masalan, respondentlarning 26,4 foizi(905 nafar) soliq, 20,3 foizi(697 nafar) sanitariya va 11,3 foizi(387 nafar) yong`in nazorati organlarida korrupsiya holatlariga duch kelishganini, shuningdek, korrupsiyaning eng ko`p tarqalgan turi davlat organlari xodimlariga bepul xizmat ko`rsatish ekanligini ta`kidlashdi.

Beshinchidan, infratuzilma ob`ektlariga ulanish va ularda bo`ladigan uzilishlar. 63,4 foiz umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatini boshlashda infratuzilma ob`ektlari bilan bog`liq muammolarga duch kelishgan.

Ta`minotdagi uzilishlar ham ular uchun odatiy hol bo`lib qolmoqda. Jumladan, respondentlarning 36,3 foizi (766 nafari) suv ta`minotida, 35,2 foizi (742 nafari) gaz ta`minotida, 28,5 foizi(602 nafari) elektr ta`minotida qiyinchiliklarga yo`liqishmoqda.

Oltinchidan, ishchilarni norasmiy yollash. Odatda, restoran, kafe va oshxonalarda oshpaz, ofisiant, farrosh kabi ishchilarni mehnat shartnomasi tuzmasdan og`zaki kelishuv bilan ishga oladi.

Umumiy ovqatlanish korxonalarida 300 mingdan ortiq odam ishlasa, ularning 200 mingdan ko`pi norasmiy band bo`lib, bu holat korxona uchun (jarimaga sabab bo`ladi), ishchi uchun (mehnat huquqlari kafolatlanmaydi) va davlat uchun (ijtimoiy va daromad soliqlari tushmaydi) ham manfaat olib kelmaydi.

Jumladan, so`rovda ishtirok etgan korxonalar o`z ishchilariga oyiga o`rtacha 1,8 mln. so`m ish haqi to`lab kelayotganligini inobatga olsak, ulardagi norasmiy bandlik tufayli davlat byudjetiga 1,6 trln. so`mlik (ijtimoiy va daromad soliqlari) qo`shimcha pul tushmasdan qolgan deyish mumkin.

Bayon etilganlar asosiy muammolar hisoblanib, bundan tashqari, umumiy ovqatlanish korxonalar oldida yana boshqa to`siqlar ham bor (oziq-ovqat mahsulotlari uchun naqd pulga ehtiyoji baland, ijara xarajatlari va h.k.).

Mazkur muammolar sohaning to`liq potensial bilan rivojlanishiga salbiy ta`sir etib kelmoqda. Shu bilan birga, turizm sohasida katta marralarni oldimizga qo`ymoqdamiz. Umumiy ovqatlanish xizmatlarining sifati va rivojlanganligi xorijlik sayyohlarni albatta e`tiborini jalb etadi! Umumiy ovqatlanish sohasidagi mavjud muammolar esa “zanjir effekti” bilan turizmning rivojini ham sekinlashtiradi.

Shu sababli, Adliya vazirligi tomonidan ushbu muammolarni hal etish bo`yicha takliflar ishlab chiqilib, tegishli idoralarga taqdim etildi.

"Hurmatli tadbirkorlar va fuqarolar! Umumiy ovqatlanish xizmatlari sohasida hal etilishi lozim bo`lgan boshqa muammolar to`g`risida ma`lumotlarni va sohani takomillashtirish bo`yicha takliflaringizni Adliya vazirligiga taqdim eting, biz hamkorlikka tayyormiz", deyiladi Adliya vazirligi ma`lumotida. 

    Boshqa yangiliklar