AsosiyDunyo

Xitoy O`zbekiston meva va sabzavotlarini iste`mol qiluvchi eng yirik mamlakatlar uchligiga kirdi

'Xitoy O`zbekiston  meva va sabzavotlarini iste`mol qiluvchi eng yirik mamlakatlar uchligiga kirdi'ning rasmi

Xitoyning «China Trade Daily» iqtisodiy nashrida "Xitoy va O`zbekiston o`rtasida qishloq xo`jaligi savdosi yaxshilanmoqda" sarlavhasi ostida maqola chop etildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» AA muxbiri.

Unda O`zbekiston Xitoy bilan qishloq xo`jaligi sohasida hamkorlik qilayotgan asosiy mamlakatlardan biri  va "Bir makon, bir yo`l" loyihasi qurilishida ishtirok etish uchun muhim markaz ekani ma`lum qilingan. 

"So`nggi yillarda O`zbekiston qishloq xo`jaligi infratuzilmasiga investisiyalarni muntazam oshirib bormoqda, irrigasiya tizimini yangilab, ilg`or qayta ishlash texnologiyalarini faol joriy etmoqda", - deyiladi maqolada.

Materialda ta`kidlanganidek, qishloq xo`jaligi mahsulotlarining sifati va sanoatining qo`shimcha qiymati doimiy ravishda yaxshilanmoqda. O`zbekiston meva va sabzavotlarining xitoylik xaridorlari tobora ko`payib bormoqda.

2020 yilda O`zbekiston Xitoyga 14 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini, asosan yangi uzilgan va quritilgan mevalar eksport qilgan, bu 2021 yilda 17 turga ko`paygan. Joriy yil oxirigacha eksport qilinadigan tovarlarni 20 turdan ortiqqa ko`paytirish, O`zbekistondan Xitoyga meva-sabzavot eksportini ham ikki barobar oshirish kutilmoqda.

2021 yilda O`zbekiston Xitoy bozoriga qiymati 112 million dollardan ortiq 100 ming tonnadan ziyod turli qishloq xo`jaligi mahsulotlarini eksport qildi. Joriy statistika ma`lumotlariga ko`ra, Xitoyga O`zbekiston meva va sabzavoti umumiy eksportining 4,5% to`g`ri kelmoqda, deyiladi nashrda.

So`nggi yillarda O`zbekiston va Xitoy o`rtasida to`siqsiz savdo qilish uchun sharoitlar faol ravishda yaxshilanmoqda. Hozirda Xitoyning qator shaharlari va Toshkent o`rtasida aviareyslar ochilgan. Xitoy–Qirg`iziston–O`zbekiston xalqaro yuk yo`li respublikaga qishloq xo`jaligi mahsulotlarini xalqaro bozorga eksport qilish uchun logistika va transport imkoniyatlarini kengaytirdi.

Maqolada ma`lum qilinishicha, O`zbekistondan Xitoyga gilos, qovun, qalampir, anor, mosh, kunjut urug`i, mayiz, quritilgan o`rik, yong`oq, bodom, uzum urug`lari, eryong`oq, asal, limon, o`rik va boshqa meva-sabzavotlar eksport qilinyapti.

Bugungi kunda O`zbekiston shaftoli, olxo`ri va uzum etishtirish, shuningdek, gilos, o`rik  va olxo`ri sifati bo`yicha dunyodagi eng yaxshi besh mamlakat qatoriga kirishi qayd etilgan. 2021 yilda Xitoy birinchi marta O`zbekiston qishloq xo`jaligi mahsulotlarini iste`mol qiluvchi eng yirik mamlakatlar uchligiga kirdi, deb yozadi Xitoy nashri.

O`zbekiston Xitoyga eksport qiladigan barcha qishloq xo`jaligi mahsulotlari orasida moshga bo`lgan talab eng yuqori bo`lib qolmoqda.  Mosh eksporti  2019 yildagi 28 ming tonnadan 2020 yilda  75 ming tonnaga etdi.

Maqolada O`zbekiston Xitoyning qishloq xo`jaligi savdosini yanada rivojlantirish bo`yicha salohiyatli hamkori hisoblanishi qayd etilgan. 

    Boshqa yangiliklar