Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakiliga (Ombudsmanga) Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumanidagi maktab o`qituvchisi B.Sh. o`zi faoliyat yuritadigan maktab direktori o`rinbosarining xati-harakatidan norozi bo`lib murojaat qildi. Bu haqda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo`yicha vakili (Ombudsman) Axborot xizmati
Murojaatchining yozishicha, maktab direktorining tarbiyaviy-ma`rifiy ishlar bo`yicha o`rinbosari o`quvchilar oldida o`qituvchilarga qo`pol munosabatda bo`lib keladi, xattoki o`qituvchilarga qo`l ko`targan holatlar ham uchragan. Mazkur holat yuzasidan tegishli tashkilotga qilingan murojaatlar biror bir natija bermagach, fuqaro B.Sh. Ombudsmanga murojaat qilgan.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratiga olinib, o`rganilishi natijasida direktor o`rinbosari G.Sh.ning murojaatchi B.Sh.ga nisbatan qo`pol munosabatda bo`lib kelganligi, odob-ahloq qoidalariga to`liq amal qilmaganligi aniqlandi. Mazkur holat bo`yicha direktor o`rinbosari G.Sh.ga nisbatan tuman Xalq ta`limi bo`limi mudirining buyrug`i bilan O`zbekiston Respublikasi Mehnat Kodeksining 181-moddasi 1-bandiga asosan “Hayfsan” intizomiy jazo chorasi qo`llanildi.
"Qayd etish lozimki, bu kabi holatlar mamlakatimizda ta`lim sohasida olib borilayotgan davlat siyosatiga to`g`ri kelmaydi. Mamlakatimizda mazkur sohada o`qituvchilarning nufuzi va maqomini oshirish, ularning professional faoliyat bilan shug`ullanishlariga yanada keng sharoit yaratib berishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, o`qituvchining maqomi alohida xujjat bilan mustahkamlab qo`yilishi borasida ishlanmoqda. Chunki, barkamol, zakovatli va salohiyatli yosh avlodni shakllantirish eng avvalo, o`qituvchi va murabbiylarga bog`liq. Shunday ekan, o`qituvchilarni hurmat qilish va ularni qadriga etish oliy maqsadimiz bo`lsin"-deyiladi Ombudsman Axborot xizmati xabarida.






