AsosiyJamiyat

"Sitorai Mohi Xossa" talablarga zid ravishda restavrasiya qilingan

'"Sitorai Mohi Xossa" talablarga zid ravishda restavrasiya qilingan'ning rasmi

 Madaniy meros agentligining xabar berishicha, O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Madaniy merosni himoya qilish inspeksiyasi hamkorligida "Sitorai Mohi Xossa" tarixiy majmuasidagi restavrasiya ishlari holati o`rganildi. 

O`rganish davomida ta`mirlash ishlari madaniy meros obektlarini restavrasiya qilish talablariga zid ravishda olib borilgani aniqlangan.

Xususan, ta`mirlash-restavrasiya loyihalari maxsus Ilmiy-ekspert kengashi bilan kelishilmagan, tegishli ruxsatnomalar olinmagan va yana bir qator talablar qo`pol ravishda buzilgan. Majmuada restavrasiya ishlari noto`g`ri olib borilgani tufayli saroyning bir qator qismi tarixiy va badiiy ahamiyatini butkul yo`qotgan.  

Agentlik tomonidan o`rganish ishlari yakunlari huquqiy baho berish uchun Bosh prokuraturaga taqdim etildi.  Ayni vaqtda Bosh prokuratura tomonidan mazkur holatlar bo`yicha mutasaddi mansabdor shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo`zg`atilib, ularning harakatlariga huquqiy baho berilmoqda.

Ma`lumot uchun: Sitorai Mohi Xossa Buxoro amirlarining yozgi saroyi hisoblanib, asosiy binolar amir Mir Sayyid Olimxon (1911-1920 yillar) hukmronligi davrida qurilgan. Hozirda muzey sifatida faoliyat yuritayotgan majmuaga yiliga 158 ming (shundan 63 ming nafari xorijiy) sayyoh tashrif buyuradi.

    Boshqa yangiliklar