“Byudjetlararo munosabatlarni va soliq ma`muriyatchiligini yanada takomillashtirish to`g`risida”gi Prezident qarori qabul qilindi.
Qarorga muvofiq, 2022 yilda qo`shilgan qiymat solig`i bo`yicha daromadlar oshirib bajarilgan qismidan hududiy byudjetlarga yo`naltiriladigan mablag`larning 40 foizi respublika byudjetida qoldiriladi.
2022 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining byudjetdan tashqari jamg`armalaridan Davlat xizmatini rivojlantirishni qo`llab-quvvatlash jamg`armasiga ajratmalar qilish to`xtatiladi.
2022 yil aprel‒dekabr oylarida davlat organlarining byudjetdan tashqari jamg`armalariga kelib tushgan mablag`larning hamda jamg`armadagi bo`sh turgan pullarni bankka joylashtirish orqali olinadigan daromadlarning 15 foizi respublika byudjetiga o`tkaziladi.
Davlat organlari joriy yil yakunigacha asosiy vositalarni xarid qilishi hamda bino va inshootlarni ta`mirlashi taqiqlandi (maktablar, bog`chalar, tibbiyot va tibbiy-ijtimoiy muassasalari, mehribonlik uylari mustasno).
Yuridik shaxslarning mol-mulk solig`ini hisoblashda minoralar, ko`priklar (estakadalar), rezervuarlar (o`t o`chirish inshootlari, sisternalar), bostirmalar, shiyponlar, beton maydonlar va devorlar (bordyurlar) soliq bazasi sifatida ko`rilmaydi.






