Viloyat, tuman va shahar hokimlari, iqtisodiy va investisiya komplekslari tarkibiga kiruvchi idoralar, ayniqsa soliq, bank, infratuzilmaga javob beradigan idora rahbarlar tadbirkorning har bir loyihasini amalga oshirishga shaxsan mas`ul va javobgar bo`ladi. Bu haqda O`zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoev bugun, 15 aprel kuni bo`lib o`tgan videoselektor yig`ilishida so`z ochdi.
Davlat rahbari bugungi selektor doirasida tadbirkorlik uchun qo`shimcha 500 million dollar kredit mablag`lari ajratilayotganini ta`kidladi.
“Nima uchun? Chunki, qanchalik qiyin bo`lmasin, hozirgi murakkab vaziyatda xalqimiz farovonligini, davlatimizning barqaror rivojlanishini o`ylashimiz shart. Ajratiladigan har bir dollar, har bir so`m byudjetdanmi, bankdanmi - bu hammasi xalqning puli. Mablag`lar faqat va faqat o`zini oqlaydigan, odamlarning daromadini oshiradigan va ish o`rinlari yaratadigan loyihalarga yo`naltirilishi kerak”, deydi Mirziyoev.
Yig`ilish davomida Prezident viloyat, tuman va shahar hokimlari, iqtisodiy va investisiya komplekslari tarkibiga kiruvchi idoralar, ayniqsa soliq, bank, infratuzilmaga javob beradigan idora rahbarlarini qat`iy ogohlantirdi.
“Ushbu rahbarlar tadbirkorning har bir loyihasini amalga oshirishga shaxsan mas`ul va javobgar bo`ladi. Byurokratiya va korrupsiyaga yo`l qo`yganlar kechirilmaydi, aybdorlar so`zsiz javobgarlikka tortiladi”, deydi Prezident yig`ilish yakunida.






