15 aprel kuni videokonferensiya shaklida "Markaziy Osiyo + Yaponiya" Muloqoti tashqi ishlar vazirlarining 8-yig`ilishi bo`lib o`tdi. Tadbirda Yaponiya, O`zbekiston, Qozog`iston, Turkmaniston, Qirg`iziston va Tojikiston hukumatlari vakillari va tashqi ishlar idoralari rahbarlari ishtirok etdi. O`zbekiston Respublikasi nomidan yig`ilishda Bosh vazir o`rinbosari - investisiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzakov qatnashdi. Bu haqda investisiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati ma`lum qildi.
Ushbu platformaning asosiy vazifalari siyosiy muloqot, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, Yaponiya va yapon kompaniyalarining Markaziy Osiyodagi mavqeini mustahkamlash, mintaqa davlatlari bilan madaniy-gumanitar almashinuvni kengaytirishdan iborat. Ko`p tomonlama hamkorlikning asosiy yo`nalishlari siyosiy muloqot, mintaqalararo hamkorlikni rivojlantirish, biznesni qo`llab-quvvatlash, intellektual muloqot, madaniy aloqalarni mustahkamlash va inson kapitali almashinuvidir. Shuningdek, muloqot doirasida mintaqada terrorizm va narkotrafikka qarshi kurashish, mintaqaviy xavfsizlik, qishloq xo`jaligi, suv-energetika resurslari, transport va logistika, atrof-muhitni muhofaza qilish, turizm, savdo va investisiyalarni ko`paytirish sohasidagi hamkorlik masalalari ishlab chiqilib kelishib olinmoqda.
Yig`ilish kun tartibida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Yaponiya o`rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash bo`yicha kompleks chora-tadbirlar, xususan, COVID-19 pandemiyasiga qarshi kurashish, chegara nazoratini kuchaytirish, mintaqaviy xavfsizlik va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo`lidagi hamkorlik masalalari ko`rib chiqildi.
Yig`ilishda ishtirok etgan mamlakatlar vakillari o`z chiqishlarida Yaponiya bilan hamkorlikning bugungi holati to`g`risida so`zlab berdilar, o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlaridagi dolzarb masalalarni belgilab oldilar, shuningdek, munosabatlarni yanada chuqurlashtirish bo`yicha takliflarni ilgari surdilar.
S.Umurzakov uchrashuv ishtirokchilariga murojaat qilib, O`zbekiston hamkorlikni faollashtirish va Muloqot kun tartibini kengaytirishga tayyorligini ta`kidladi. U O`zbekiston va Yaponiya o`rtasidagi 30 yillik hamkorlik natijalarini sarhisob qildi, shuningdek, Muloqot doirasidagi hamkorlikni rivojlantirish nuqtai nazaridan eng muhim yo`nalishlar, jumladan, Yaponiyaning ilg`or tajribasini joriy etish, qo`shma farmasevtika klasterlari va ixtisoslashtirilgan ilmiy-tadqiqot muassasalarini tashkil etish orqali yuqumli kasalliklarga qarshi kurashish bo`yicha hamkorlikni kengaytirish, transmilliy va uyushgan jinoyatchilik, narkotrafik, kiberjinoyatchilik va boshqa xavfsizlik muammolariga qarshi kurashish hisobiga barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni ta`minlash, transport yo`laklarini diversifikasiya qilish, yangi temir va avtomobil yo`llarini qurish va havo transporti salohiyatini rivojlantirish bo`yicha qo`shma loyihalarni amalga oshirish haqida so`z yuritdi. Shuningdek, raqamli iqtisodiyot va elektron tijoratni rivojlantirish, Yaponiya texnologiyalari va nou-xaularini joriy qilish, "yashil iqtisodiyot"ni ilgari surish, iqlim o`zgarishi jarayonlarini to`xtatish va boshqa yo`nalishlar bo`yicha chora-tadbirlar o`zaro hamkorlikning ustuvor yo`nalishlari sifatida belgilandi.
O`zbekiston tomoni kelgusida amalga oshirish uchun bir qator yangi tashabbuslarni ham ilgari surdi, jumladan Yaponiyaning "Bir qishloq – bitta mahsulot" dasturi asosida kambag`allikni qisqartirish bo`yicha qo`shma dasturni ishlab chiqish, "Markaziy Osiyo uchun "Yashil kun tartibi" mintaqaviy dasturini ilgari surish, IT sohasida o`qitish va malaka oshirish xizmatlari bilan mintaqa qamrovini kengaytirish va qo`shma ta`lim dasturlarini amalga oshirish maqsadida 2020 yilda Toshkent shahrida tashkil etilgan Yaponiya raqamli Universitetini Markaziy Osiyo raqamli universitetiga aylantirish va boshqa istiqbolli g`oyalarni bildirdi.
Tadbir yakunida Yaponiya tomoni Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan ikki va ko`p tomonlama muloqotni kengaytirish orqali mintaqaning barqaror rivojlanishiga yanada hissa qo`shishga tayyorligini bildirdi.






