Qirg`iziston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining navbatdagi majlisi bo`lib o`tdi. Bu haqda "24.kg" nashri yozmoqda.
Ma`lum qilinishicha, majlisda dam olish kunlarini 2022 yil may oyiga ko`chirish to`g`risidagi qaror loyihasi ma`qullandi. Hujjatga ko`ra, davlat va shahar tashkilotlari, davlat byudjeti mablag`lari hisobidan moliyalashtiriladigan muassasa va korxonalarning besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlari uchun dam olish kunlarini 2022 yil 1 maydan 9 maygacha qilib, kunni ko`chirish taklif etilmoqda.
Dam olish kunlari va ishlanmaydigan bayram kunlaridan oqilona foydalanish maqsadida besh kunlik ish haftasida ishlaydigan xususiy mulk shaklidagi yuridik shaxslar rahbarlariga Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq 2022 yilning may oyida dam olish kunlarini ko`chirish tavsiya etildi.






