O`zbekiston Turizm va madaniy meros vazirligi mamlakatimizga kelayotgan sayyohlarning sarflagan mablag`lari bo`yicha ma`lumot berdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
Vazirlik tomonidan taqdim etilgan statistik ma`lumotga ko`ra, uzoq xorij davlatlaridan kelgan sayyohlar sayohat davomida o`rtacha 709,4 dollar sarflaydi. MDH mamlakatlari, xususan, Rossiya, Belarus, Armaniston, Ukrainadan kelgan sayyohlarning o`rtacha xarajatlari 635 dollarni tashkil etadi.
Qozog`istonlik sayyohlar har bir sayohatga 158,3 dollar, turkmanistonliklar 104,6 dollar, qirg`izistonliklar 99,3 dollar, Tojikistondan kelgan mehmonlar 60,4 dollar sarflaydi. Bu ushbu mamlakatlardan kelgan turistlarning O`zbekistonda qisqa muddat davomida bo`lishi bilan bog`liq.
Milliy aviatashuvchi tomonidan aviaqatnovlar jug`rofiyasini kengaytirish va xorijiy loukoster aviakompaniyalarni jalb etish, aviachiptalar tannarxini optimallashtirish, xizmat ko`rsatish xarajatlarini pasaytirish O`zbekistonda turizm sohasini tez tiklashga va sayyohlar sonini 6,7 milliongacha etkazish imkonini beradi, - deyiladi manbada.
18.04.2022 14:33
O`zbekistonga kelgan sayyohlar qancha pul sarflaydi?






