Toshkent shahrida "Eng yaxshi yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimi" tanlovi o`tkaziladi. Bu haqda shahar hokimi Jahongir Ortiqxo`jaev 16 aprel kuni YHXX xodimlari bilan uchrashuvda aytgan.
Shahar hokimligi axborot xizmati e`lon qilgan videoda Jahongir Ortiqxo`jaev YPX xodimlari uchun "Eng yaxshi yo`l harakati xavfsizligi xizmati xodimi" tanlovi o`tkazilishini bildirgani tasvirlangan.
"Bu tanlov ochiq bo`ladi. Haydovchilarimiz YHXX xodimlarining muomalasi, xizmat vazifasini qay darajada bajarayotgani bo`yicha ovoz beradi. Homiylarimiz tomonidan bizga 3 ta mashina berildi. Birinchi o`rinni olgan xodimga Lacetti, ikkinchi o`ringa Nexia, uchinchi o`ringa Spark beriladi", — degan hokimlik rahbari.
Jahongir Ortiqxo`jaev yig`ilishda YPX xodimlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib berishi, faqat ular fuqarolar bilan yaxshi muomalada bo`lishlari kerakligini ta`kidlagan.
"Faoliyatim davomida birinchi marta sizlar bilan uchrashuv o`tkazyapman. 3 million 500 ming aholi istiqomat qiladigan shaharda YHXX xodimlarisiz. Poytaxt YHXX xodimlari ishi, odobi, xulqi, umuman har tomonlama boshqalardan ajralib turishi kerak. Hokimlikda bir oyda bir marta YHXX xodimlarining qabul kunini qilaylik. Ularning dardini eshitaylik. Men hamma sharoitni yaratib berishga harakat qilaman. Bu insonlarimizni ko`chada turganda oilasidagi muammoni o`ylamasligi, ish paytida faqat ish haqida o`ylashi, yaxshi kayfiyatda kulib turadigan holatga, sharoitga olib kelishimiz kerak" — degan shahar hokimi.






